Jizzaxda bir guruh fidoyi yoshlarga “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlari topshirildi

Jizzax shahridagi “Yoshlar inovatsion markazi”da pandemiya davrida aholi sog‘ligini saqlash va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda faollik ko‘rsatgan bir guruh fidoyi yoshlarga “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlari topshirildi. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda pandemiya davrida kasallik tarqalishi oldini olish va fuqarolarga mehr-saxovat yordami ko‘rsatishda viloyat ko‘ngilli yoshlari faol ishtirok etgani alohida ta’kidladi. 

Pandemiya karantini davrida viloyatning barcha shahar va tumanlarida homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarida "Yosh volontyorlar harakati" yo‘lga qo‘yildi. Bu harakat tarkibida 120 nafar ko‘ngilli yoshlar faol ishtirok etib, "Call-markaz"larga aholidan kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirish va ularga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda faollik ko‘rsatdi. 

Bundan tashqari, ko‘plab talabalar, yosh tadbirkorlar kasallik tarqalishi oldini olish, aholi sog‘ligini muhofaza qilish, ehtiyojmand fuqarolarga beminnat ko‘mak ko‘rsatishda qatnashdi.

Tadbirda karantin davrida ko‘ngillilar safida va o‘z faoliyati bilan epidemiya tarqalishi oldini olishga, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga munosib ulush qo‘shgan fidoiyi yoshlarning 21 nafariga “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlari topshirildi. 

– Qiyinchilik kunlarida davlatimizning bizga bildirayotgan ishonchini o‘zimizning amaliy ishlarimiz bilan oqlashga harakat qildik, – deydi “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni sohibi Forish tumanilik Bahodir Isaboyev. – Kam ta’minlangan oilalardagi 50 nafar yigit-qiz ishtirokida “Garasha parranda hamkor” kooperativi tashkil etib, yoshlar uchun ish joyi va daromad manbai yaratdik. Karantin davrida qishlog‘imizdagi 40 ta ehtiyojmand oilaga 400 boshdan ziyod parranda tarqatdik. Umumxalq harakatiga qo‘shgan kichik hissamiz davlatimiz tomonidan yuksak mukofot bilan taqdirlanishi bizni barcha jabhalarda yanada faol bo‘lishga ruhlantirmoqda.