Hamkorlik memorandumi imzolandi

Davlat xizmatlari agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Andijon viloyati aholisining qariyb 58 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatda ham davlat, jamoat tashkilotlari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni intellektul salohiyatini yuksaltirish, iqtidor va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoit yaratib berilmoqda.


Yoshlar ishlari agentligi, mutasaddi idoralar hamkorligida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorligini rivojlantirish borasidagi ishlar ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yorqin misoldir.

– Boshqarmamiz va Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonlaridagi faol ishtirokini ta’minlash, yoshlarda elektron davlat xizmatlaridan foydalanishga doir bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Bu albatta, yoshlarimizga qator qulayliklar yaratadi, keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Hamkorlik doirasida belgilangan yo‘nalishda qator tadbirlar, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.