“Global tadbirkorlik haftaligi” ga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Global tadbirkorlik haftaligi har yili dunyo boʻylab 160 ta mamlakatda oʻtkazilib, mahalliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish va rivojlantirishga koʻmak berish boʻyicha faoliyat olib boradi.

Oʻtgan yilda ilk marotaba oʻtkazilgan Global tadbirkorlik haftaligi tadbirlarida 6 ming nafardan ortiq yoshlar, 150 nafaran ortiq mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etgan.

Joriy yilning 12-18-noyabr kunlari oʻtkaziladigan Global tadbirkorlik haftaligi oldidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari – Bunyodbek Bahrombekov, tajribali tadbirkor – Hikmat Abdurahmonov, Zuhra Abdurahmonovalar spiker sifatida qatnashdi.

Global tadbirkorlik haftaligi Oʻzbekiston milliy tadbirkorlik ekotizimi yaratish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el tadbirkorlarini mamlakatimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim tarmoqqa aylanmoqda, — deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Bunyodbek Bahrombekov. —Tadbirkorlik haftaligi doirasida Toshkent shahri va Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida maxsus biznes treninglar, taqdimotlar, mahorat darslari, B2B uchrashuvlar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida Yosh tadbirkorlar biznes forumi tashkil etish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilinganligi haqida atroflicha maʼlumot berildi. “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasida yoshlarning biznes tashabbuslari, “startap”lari, gʻoya va loyihalarini amalga oshirish tizimi yaratilgan. Oʻtgan qisqa davr mobaynida, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga zaruriy infratuzilmalar yaratildi. Xususan, hududlarda 98 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari hamda 14 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1720 ta biznes loyiha jami 196,2 mlrd. soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻi bilan moliyalashtirilib, 5114 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bugungi kunda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻtkaziladigan mazkur tadbirkorlik haftaligi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bilan birgalikda, yoshlarni oʻz shaxsiy biznesini tashkil etishga ragʻbatlantirish uchun xizmat qilayotganligini alohida taʼkidladi.

Global tadbirkorlik haftaligini oʻtkazishdan asosiy e'tibor muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar bilan yosh tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish, ularni yangi gʻoyalarga ilhomlantirish va yoshlar orasida biznes yuritish madaniyatini shakllantirish, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, biznesni rivojlantirishda qoʻl keladigan dunyodagi ilgʻor tajriba va zamonaviy vositalar bilan yoshlarni tanishtirish hamda Oʻzbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishga qaratiladi. Haftalikda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar, sohada faoliyat yuritayotgan idora va tashkilotlar, xorijiy investorlar va yetakchi biznes vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Xususan, amerikalik kouching sohasida yetakchi mutaxassis — Djon King (Jogn King) va biznesni boshqarish boʻyicha xalqaro mutaxassis — Isxak Adizas (ItzhakAdizas), rossiyalik “ru-Net” kompaniyasi asoschisi va IT sohasida investor Leonid Boguslavskiy hamda shular kabi koʻplab xorijiy investorlar hamda biznes trenerlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Shaxnoza Nurullayeva