Faol yoshlarga ko‘krak nishoni topshirildi

Nukus shahridagi Yoshlar markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 4 nafar yigit-qizga “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni topshirildi. 

Shu munosabat bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i, senator A.Daniyarov, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori X. Sattorov va boshqalar pandemiya davrida yuzaga kelgan havf-xatarga qarshi samarali kurashish hamda uning oqibatlarini bartaraf etishda Orolbo‘yi ko‘ngilli yoshlari ham faol ishtirok etganini ta’kidladi.


Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, boquvchisi bo‘lmagan keksalarga, kam ta’minlangan oilalarga, karantin sababli kunlik daromad manbaini yo‘qotgan odamlarga turli oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyoj mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berishda “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy koordinatori Bolatbek Baxbergenov, 1197 qisqa raqamli “Call center” markazida beg‘araz xizmat ko‘rsatgan ko‘ngilli yoshlardan Salamat Saydjanov, Gulzar Yerkebayeva, Bekbosin Adilboyevlarning mehnati alohida qayd etildi.


–Jahon miqyosida global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida beg‘araz homiylik yordam ko‘rsatishda ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan yoshlar qatorida men ham ushbu mukofotga loyiq topilganimdan minnatdorman, –deydi «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni sohibi Gulzar Yerkebayeva. – Ushbu mukofot biz yoshlarga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Tadbirda ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.