Aravachadagi tengdoshiga qulaylik yaratish uchun koʻcha taʼmirlanishiga erishgan sardor

Oʻzining samimiyati, tashabbuskorligi va intiluvchanligi bilan tengdoshlarini ezgu maqsadli loyihalari ortidan ergashtirib kelayotgan qahramonimiz — Jamshidjon Egamberganov. U 2002-yil 5-sentabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Hozirda Chilonzor tumani 217-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi. Oʻqish bilan birgalikda “Kamalak” bolalar tashkiloti sardori, Tuman boʻyicha siyosiy-huquqiy yoʻnalish sardori hamda Chilonzor tumani Tashabbus va loyihalar sardori, 2018-yil 19-yanvardan tumandagi Tashabbuskor yoshlar uyushmasi rahbari sifatida Yoshlar oid Davlat siyosatining ijrosiga amaliy hissa qoʻshib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan 10 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. 4 yildan buyon Yoshlar tashkilotining fidoyilari safida.

— Oʻtgan davr mobaynida yosh boʻlishingizga qaramay ancha-muncha yutuqlarga erishibsiz. Ayniqsa, Toshkent shahar bosh sardori maqomi sizga kattagina masʼuliyat yuklashi tayin. Sizningcha Sardorlik masʼuliyati nima?

—Sardor sinfda tengqurlariga “Rahbar” degani emas. Tengdoshlarini oʻzining ezgu gʻoyalari, loyihalari ortidan ergashtiruvchi va ijtimoiy faollikka chorlovchidir. Yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashishdan qaytara olgan inson — sardor. Telefonga mixlanib qolgan tengdoshining qoʻliga kitob tutqazib, uni mutolaaga qiziqtira olgan inson — sardor. Qari inson koʻcha supurayotganida muzqaymoq oʻramini yerga tashlayotgan bolani axlat qutisi tomon ikki qadam yurgiza olgan inson— sardor. U gʻoyalar generatori boʻlsagina atrofida hamrohlari koʻpayadi. Sardor har jabhada hozirjavob va tashabbuskorlik koʻrsatolsa, sardorlikka munosib boʻladi.

—Sardor sifatida qanday muammolarning hal etilishiga hissa qoʻshdingiz?

—Tumanda Tashabbuskor yoshlar uyushmasini tashkil etib, bir qancha loyihalar ustida ishladik. Xususan, mahalla yoshlarining muammolarini oʻrganib, ularni hududiy Kengashlarga toʻgʻri yoʻnaltirdik. Muammoga ijobiy yechim izlab, murojaatlarni qanoatlantirishga kamtarona hissamizni qoʻshib kelmoqdamiz. Jumladan, oʻrganishlar davomida Chilonzor tumanidagi “Qatortol” mahallasida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj bir oila bilan suhbat qildik. Bu oila boquvchisini yoʻqotgan boʻlib, yolgʻiz ona ikki farzandi bilan mushkul ahvolda yashar ekan. Farzandlardan biri imkoniyati cheklangan yoshlardan. Mahalla koʻchasining ahvoli yomonligidan yigitchaning nogironlik aravachasi 4-marotaba yaroqsiz holga kelib qolibdi.Shu sabab bu oilaning murojaatiga binoan Chilonzor tumani hokimiyatiga mazkur oilaga moddiy koʻmak berish hamda koʻchani qaytadan taʼmirlash boʻyicha taklif bilan chiqdik. Bu muammo koʻp oʻtmay Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Chilonzor tumani hokimligi hamkorligida oʻz yechimini topdi. Murojaatlar ijobiy hal etildi. Endi doʻstimizning aravachasini yangilashga hojat qolmaydi. Oilaga moddiy koʻmak berilib, koʻcha qayta taʼmirlanmoqda.

—Kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir qanday loyihalarni amalga tatbiq etdingiz?

Hozirda umuman kitob oʻqimaydigan odam yoʻq. Faqat kitoblar turli xil. Kerakli adabiyotlarni topib oʻqishda adashayotganlar koʻp. Maʼnaviy ozuqa ulashuvchi kitoblar bor, tarbiyaviy ahamiyatsiz voqealar rivojidan iborat, saviyasizlari ham talaygina. Yoshlar kitoblar orasidan yoshiga mos kitobni ajratib olib oʻqiy olmayapti. Bu paytda kutubxonachining adabiyotlar boʻyicha tushunchasi va tavsiyasi kerak boʻladi. Ammo aksariyat hollarda kutubxonachilar bu kitoblarning hammasi bilan ham tanish boʻlishmaydi. Oʻqituvchilar ham har oy yoshlarbop kitoblar roʻyxatini shakllantirib bizga taqdim qilishsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Shu muammoni bartaraf etish uchun yaqindagina Toshkent shahar bosh sardori sifatida “Sen uchun zarur!” loyihasini ishlab chiqdim. Taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilar kerakli adabiyotlar roʻyxatini tuzishgach, “Sen uchun zarur” shiori ostida mazkur roʻyxatlarni oʻquvchilarga tarqatamiz. Har oy ketma-ketlikda bir kitob mutolaasiga bagʻishlangan davra suhbatini tashkil qilamiz. Eng faol ishtirokchilar esa durdona asarlar toʻplami bilan ragʻbatlantiriladi. Bu orqali yosh kitobxonlar doirasini kengaytiramiz.

—Soʻngi paytda dolzarb muammo sifatida eʼtirof etilayotgan yoshlar huquqbuzarligi va jinoyatchiligining oldini olish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish uchun “Tengdosh —tengdoshga” tamoyiliga tayanib, sinfdoshlarimiz feʼl-atvoridagi nuqsonlarni tanqidsiz, doʻstona munosabatda uning yaxshi tomonlarini maqtab, kamchiliklarini ham toʻldirib borishi orqali ideal insonga aylanishini taʼkidlash yoʻli bilan bartaraf etishimiz mumkin. Bir sinfda 9 ta yoʻnalish boʻyicha sardorlar saylanadi. Shunda bir sardor kamida 3nafar oʻquvchi bilan ishlashi kerak boʻladi. Sardor sifatida “Bizning maktab jinoyatchidan holi” shiori ostida aksiyalar tashkil etib, shu mavzuga bagʻishlangan yoshlar muloqoti uyushtiryapmiz. Bu saʼy-harakatlarimiz orqali yuqoridagi illatlarning tomiri kesiladi.

—Qaysi loyihangiz tengdoshlaringiz orasida iliq kutib olindi?

—Tengdoshlarimizga maʼqul kelgan eng yaxshi loyiham “Kelajak bunyodkori” shiori ostidagi I sardorlar konferensiyasi boʻldi. Bu loyihada 6-7-sinf oʻquvchilari minbarda turib yoshlar masalalari boʻyicha 4 ta (kitobxonlik madaniyati, ekologiya, axborot texnologiyalari va jinoyatchilikka qarshi kurashish) shoʻbadagi ishtirokchilar oʻz fikr-mulohazalari va taklif-tavsiyalari bilan maʼruza qilishdi. Mavzuga doir taqdimotlar namoyish etishdi. Konferensiya soʻngida gʻoyaviy puxta loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Yoshlar ittifoqida sizning taqdiringizda…

Yoshlar ittifoqi meni inson sifatida shakllantirdi. Son uchun emas sifat uchun xizmat qilish muhim ekanligini anglab yetdim. Yoshlar hayotida ijobiy oʻzgarish yasash, mavjud muammolarni hal etishga koʻmaklashish uchun fidoyilik bilan vatanparvar boʻlib yashashni oʻrganmoqdaman.

—Tuman bosh sardori sifatida qanday muammolarga duch keldingiz?

Ayrim sinf sardorlari faoliyatidagi sustlashuv va masʼuliyatsizlikdan ogʻringan paylarim bo’ldi. Ular sardorlik vazifasi, masʼuliyatini toʻlaqonli his eta olishmasdi. Sardorlik qobiliyatini oshirish uchun harakatni quyidan boshlash kerak, degan xulosaga keldim. Faqat tuman, shahar sardorlari uchungina emas, chekka hududlardagi maktab sardorlari uchun ham malakali mutaxassislarni biriktirgan holda oʻquv-seminarlari tashkil etish lozim. Yoʻnalishlar boʻyicha sardorlar bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan yoʻriqnomalar, ish-rejalar, namunali loyihalar ishlab chiqsak, sardorlar malakasi oshib boradi.

—Erishgan yutuqlaringiz haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz…

2015-2016-yillar davomida Qashqar rubobida kuylar chalishni oʻrgandim. Oʻzbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamovga shogirdlikka tushdim. Qoraqalpogʻiston xalq artisti Karimboy Rahmonovdan ham sanʼatning sir-asrorlari bo’yicha dars oldim. “Mehr qochmasin”, “Ota-ona” kabi qoʻshiqlarni ijro etdim. “Yuksak maʼnaviyatli avlod” tanlovida “Vatan kuychisi” sifatida eʼtirof etildim. “Kamalak yulduzlari” koʻrik tanlovida nazm va nasr yoʻnalishining viloyat bosqichida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdim. “Yoshlar — kelajagimiz” festivalida yosh qoʻshiq ijrochisi yoʻnalishida Toshkent shahar bosqichida 3-oʻringa sazovor boʻlganman. Bundan tashqari, adabiyotga boʻlgan qiziqishim sabab “It va odam” , “Mening bobom” hikoyalarini yozdim. Ular “Gulxan” jurnali va “Tong yulduzi” gazetalari orqali eʼlon qilindi.

—Kelgusidagi rejalaringiz…

Yoshlar ittifoqi soʻnggi paytda bir qator vazirlik, tashkilot va idoralar bilan oʻzaro memorandum asosida samarali ishlar qilyapti. Shu oʻrinda mahallalar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlansa nur ustiga aʼlo nur boʻladi. MFYlari bilan birgalikda har bir yosh ustida ish olib borsak, yoshlar masalalaridagi barcha kamchiliklar barham topadi. Buning uchun tez orada shahar sardorlarining muammolar shtabini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Sardorlarimizdan biri darsdan keyin MFY vakillariga hamrohlik qilib, mahalla yoshlarining muammolarini oʻrganib, tuman kengashiga har oylik maʼlumotlarni taqdim etib boradi.

Sardorlik faoliyatingizda ulkan zafarlar tilab qolamiz. Shijoat va tashabbus sizni hech qachon tark etmasin!

Shaxnoza Nurullayeva