Guruh bosqichidan so‘ng 1/64 final bosqichidan bahslarga kirishgan hamyurtimiz dastlab qozog‘istonlik Stepan Sevostyanov (15:10), so‘ng amerikalik Kristofer Uolker (15:13), ispaniyalik Rogelio Kabalero (15:13), gong konglik Si So (15:7), misrlik Adham Moataz (15:10) ustidan g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bellashuvda esa rossiyalik Kirill Tyulyukovga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan taqdirlandi. Taʼkidlash joiz, bu yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan dastlabki tarixiy medal bo‘lmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, qizlarimizdan Zaynab Dayibekova chorak finalgacha yetib bordi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra yosh umidli vakilimiz yettinchi natija bilan musobaqani yakunladi. Qayd etish joiz, hali hech bir qizimiz jahon chempionatlarida bunday bosqichga yetib kelgani yo‘q. Bunday natija terma jamoamizda faoliyat olib borayotgan mutaxassis, 3 karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Vladimir Nazlimovning xizmatlari mevasidir. Tajribali murabbiy jamoamiz o‘z aytib o‘tganidek, yosh sportchilarimizni jahonning yetakchi qilichbozlari qatoriga olib chiqmoqda. Musobaqa davomida Sevinch Ismoilova, Shahnoza Tog‘aymurodova, Venera Ismoilova, Sherzodbek Mamutov, Pazilbek Genjebayev, Jaloliddin Dushamboyev kabi vakillarimiz ham munosib ishtirok etishdi.
Bu faqatgina yosh sablyachilarimizning qayd etgan natijasi. Hali oldinda sablya bo‘yicha jamoaviy bellashuvlar, shuningdek, rapira va shpagachilarimizning chiqishlari kutib turibdi. O‘z navbatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qilichbozlarimizni bunday natija bilan muborakbod etadi. Ularga kelgusidagi musobaqalarda omad va ulkan zafarlar tilab qoladi.