"Yosh qutqaruvchilar" musobaqasining poytaxtdagi g'oliblari aniqlandi

Kuni kecha Toshkent shahrida "Yosh qutqaruvchilar" musobaqasining hududiy bosqichi bo'lib o'tdi. Musobaqa  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi, Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

Musobaqaning asosiy maqsadi – favqulodda vaziyatlar chog‘ida to‘g‘ri harakat qilish, jabrlanganlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tezkorlik va aniqlik darajasini amalda sinab ko‘rishdan iborat.  Musobaqa sog‘lom raqobat muhitida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Har bir maktab ishtirokchilari musobaqada ishtirok etish bilan bir qatorda o‘zlarining ijodiy ishlari namunalari ko‘rgazmasini tashkil etishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar bir necha bosqichda o‘zaro bahslashdilar. Birinchi bosqichda ishtirokchilar favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasiga oid umumiy savollarga javob berishdi. Ikkinchi bosqichda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish usullarini amalda bajarishgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda arqon yordamida maxsus tugunlar tugish, ular yordamida balandlikka ko‘tarilish va estafetali yugurishda ishtirok etishdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra Uchtepa tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. G‘olib bo‘lgan jamoalarga hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar ulashildi.