Boyovutda bu galgi “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘zgacha ruhda o‘tdi

Boyovut tumani Gulbog‘ mahalla fuqarolar yig‘inida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi avvalgilaridan tubdan farq qildi.  Chunki tuman hokimi, senator Dilfuza O‘ralova bugun yoshlar bilan nafaqat uchrashdi, balki birga avtobusda tuman bo‘ylab sayohat ham qildi.

Ushbu sayohat davomida yoshlarda o‘zlari yashayotgan mahallasi bilan boshqa mahallalarni solishtirish imkoniyati tug‘ildi. Dildan kechgan suhbat davomida Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘ralova yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ular tomonidan bildirilayotgan yangi fikr, g‘oya, tashabbus va murojaatlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi haqida gapirib, hunar egallash, turmush madaniyati, yashab turgan mahallaga egalik hissi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashdi.

Sayohatning ilk manzili tumandagi Usmon Yusupov nomidagi xotira majmuasi bo‘ldi. Bu yerda tuman hokimi yoshlarni sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va tijorat banklarining rahbarlari bilan tanishtirdi.

Shu yerning o‘zida yoshlar o‘z qiziqishlari, shug‘ullanmoqchi bo‘lgan faoliyat turlariga ko‘ra guruhlarga bo‘linib, ularning murojaatlari va takliflari mas’ullar tomonidan yozib olindi hamda zarur tavsiyalar berildi.

Shu o‘rinda, yoshlar o‘zlarini an’anaviy uchrashuvlardagidan ko‘ra anchayin dadil, ochiq tutdi va hokim, qolaversa, boshqa rahbarlar bilan ham erkin muloqotda bo‘ldi.

Yoshlar, shuningdek, “Boyovut texno klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan qurilayotgan ip-kalava fabrikasi, tuman markazidagi “Baxtli oila – nurli kelajak” nomli monumental majmua va “Yurt bayrog‘i” maydonida ham bo‘lib, jonli muloqot u yerda ham davom etdi.