Mirishkorda “Yoshlar shaharchasi” ish boshladi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev taklifi hamda Mirishkor tuman hokimi Sherali Sanayev tashabbusi bilan “Yoshlar shaharchasi” faoliyat boshladi.

Tumandagi Guliston qishlog‘i hududidagi qariyb 10 gektar yer maydonida tashkil etilgan mazkur “Yoshlar shaharchasi”da yuzdan ortiq “Ayollar va yoshlar” daftariga kiritilgan xotin-qizning bandligi ta’minlangan trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona, 3 nafar xotin-qiz ish o‘rniga ega bo‘lgan go‘zallik saloni, 5 nafar xotin-qiz ishlayotgan non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Mirishkor eksport" xususiy korxonasi faoliyat boshladi.

Shuningdek, 60 o‘rinli 20-sonli DMTT, aniq va tabiiy fanlar, ingliz, fransuz tillarida yoshlarga qo‘shimcha dars berishga ixtisoslashgan "Zarmas Frigo Impex" MCHJga qarashli "Bo‘lajak talaba" o‘quv-markazi endi aholi xizmatida.

Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan tashkil etilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, "Ayollar daftari" va "Temir daftar"ga kiritilgan 34 ta oilaga barcha sharoitlarga ega xonadonlar ham topshirildi.