“Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichiga start berildi

Bugun "Yoshlar ijod saroyi"da “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichiga start berildi. Prezidentimizning 2018-yil 12-maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan mazkur tanlovdan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusi doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsad qilingan.
 


Tanlovning respublika bosqichida har bir hududdan 3 ta yosh toifasi, jumladan, 10-14, 15-19 va 20-30 yosh bo‘yicha bir nafardan, jami 42 nafar g‘olib 1-9 aprel kunlari “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, "She’riyat", “Buyuk mutafakkir va adib”, “Erkin mavzu” yo‘nalishlarida o‘zaro bellashadi.
 


Tanlov g‘oliblari, jumladan, 1-o‘rin sohibi Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan kitobxon 30 million so‘m, 3-o‘rin g‘olibi esa 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
 


Shuningdek, barcha ishtirokchilarga “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida chop etilgan o‘zbek va jahon adabiyoti asarlari beriladi.