“Mehribon yurak” III xayriya aksiyasiga start berildi

“Mehribon yurak” xayriya aksiyasi Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan bolalar va yoshlarni davolash, sogʻlom hayotga qaytarish maqsadida uch yildan buyon oʻtkaziladi. Viloyat hokimligi, viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi(ilgari Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi) hamkorligi samarasi tufayli oʻtkazilgan mazkur aksiya doirasida dastlab 16 nafar, keyingi bosqichda 10 nafar bolaning yuragida murakkab jarrohlik operatsiyalari oʻtkazilib, yurak nuqsoni dardidan mutlaqo forigʻ boʻlishi taʼminlandi.

— Farzandim tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekardi, — deydi nurotalik olti yoshli Humoyunning onasi. — Biroq oilaviy sharoitimiz operatsiya qilishga imkon bermasdi. Dori-darmon bilan bir ilojini qilib, jon hovuchlab yashardik. Ming qatla shukur, operatsiya muvaffaqqiyatli oʻtib, mana farzandim, yurak yetishmovchiligi bemorlari roʻyxatidan chiqarildi. Joriy yilda oʻtkaziladigan “Mehribon yurak” III xayriya aksiyasi doirasida 20 nafar yurak xastaligiga chalingan bolajonlar bepul jarrohlik amaliyotlari asosida sogʻlom hayotga qaytarilishi rejalashtirilgan.

— Hozirgi kunda ularni davolash, operatsiyaga tayyorlash jarayonlari bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda, — deydi viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Murod Ahmedov. — Birinchi galda zudlik bilan operatsiya qilish zarur boʻlgan bolalar aniqlanib, ularni operatsiyaga tayyorlamoqdamiz. Chunki mazkur xastaliklarda nafaqat har bir kun balki har bir soat gʻanimat.

Eslatib oʻtamiz, mazkur aksiyaga Navbahor tumanidagi sayyor qabulda farzandi tugʻma yurak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan onaning murojaati sabab boʻlgan edi. Oʻshanda u viloyat hokimidan jigarbandi yuragida murakkab jarrohlik operatsiyasi uchun katta mablagʻ zarurligini aytib, yordam soʻragan edi.

— Biz onaxonga yordam berishni vaʼda qildik, — deydi viloyat hokimi Kobul Tursunov. — Biroq keyinchalik mulohaza qilsak, viloyatda uch yuz nafarga yaqin bola shu xastalikdan jabr koʻrayotganligi, aksariyati kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ekanligi maʼlum boʻldi. Biz bir bolaning operatsiyasi uchun mablagʻ ajratishimiz qiyin emas, lekin operatsiyadan soʻng u uch oyga qadar shifokor nazoratida boʻlishi, muolajalarni uzluksiz davom ettirishi lozim. Albatta, bu ham kattagina mablagʻ talab etadi.

Yana bir jihatni alohida taʼkidlash joizki, har bir nosogʻlom bola oʻsha oilaninggina emas, balki butun jamiyatning tashvishi. Nogiron bola parvarishi, uning dori-darmon taʼminoti, nafaqa tayinlash, uyda taʼlimni tashkil etish, xullas oʻnlab kishilar uning atrofiga jalb etiladi. Shu jihatdan ularni sogʻlom hayotga qaytarish, faol hayotning imkoniyat eshiklarini ochish jamiyat uchun oʻz tashvishidan chetda turmaslik bilan barobar. Shularni oʻylab, mazkur jarrohlik operatsiyalarini viloyatimizda oʻtkazish, buning uchun zarur tibbiy jihozlar, zamonaviy anjomlar xususan, Italiyaning “Sorin” firmasida ishlab chiqarilgan qon aylanishini taʼminlovchi uskunani xarid qildik.

Viloyat boʻyicha bugun 20 nafar bola Koʻp tarmoqli tibbiyot markazida yuragida jarrohlik operatsiyalarini oʻtkazishga tayyorlanmoqda. Ushbu bolajonlarning ahvolidan xabar olish maqsadida Respublika Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova boshchiligidagi guruh tashrif buyurib, ularning onalari bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Taʼkidlash joiz, ushbu aksiya doirasida yuragida jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan bolalar shifokorlar nazoratiga olinib, tiklanish davrida ham bepul dori-darmon bilan taʼminlanadilar.