“Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor”

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2020-yil 25-dekabr kuni oʼtkazilgan Oʼzbekiston yoshlari forumida yoshlarda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malakani shakllantirish kerakligini taʼkidladi. Shu orqali ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va bandligini taʼminlash boʼyicha “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tashabbusi qoʼllab-quvvatlandi. Mazkur tashabbus doirasida hududlarda ishsiz  yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʼqitishni tashkil etish asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish orqali 2021-yilda qariyb 500 ming nafar yoshni ish bilan taʼminlash vazifasi belgilab berildi.

Аna shu maqsadda Toshkent viloyatida ham yoshlar tadbirkorligini qoʼllab-quvvatlash va ularni kasb-hunarga oʼqitishning yangi tizimi joriy etildi. Zangiota tumani va Chirchiq shahrida Davlat xizmatlari markazi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlar agentligi, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash tuman boʼlimi hamkorligida yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va ularning bandligini taʼminlash borasida tashkil etilgan namunaviy oʼquv kurslari ish boshladi. 

Tasdiqlangan rejaga asosan, oʼquv kurslariga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, kam taʼminlangan oilalarning farzandlari, qolaversa, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar jalb etildi. Ular yuqori tajribaga ega malakali pedagoglar, amaliyot oʼqituvchilari va ishlab chiqarish korxonalarining malakali mutaxassislari koʼmagida tadbirkorlik sohasiga oid bilim va koʼnikmalarini oshirib boradi.

Shuningdek, Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda oʼrganish, bu boradagi vazifalarni muvofiqlashtirish borasida ham amaliy ishlar olib borilishi koʼzda tutilgan.

Tadbirkorlik va kasb-hunarga oʼqitish kurslarini tamomlagan bitiruvchilarga kasbiy malaka sertifikatlari berilib, hududdagi tegishli tadbirkorlik subʼektlariga ishga joylashtiriladi.