Samarqandda yosh liderlar klubi tashkil etiladi

Bu haqda Samarqandda boʼlib turgan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbarining birinchi oʼrinbosari O.Hasanov agentlik Samarqand hududiy filiali xodimlari bilan uchrashuv chogʼida maʼlum qildi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilgan vazifalar va ustuvor yoʼnalishlardan kelib chiqib, amalga oshirilishi kerak boʼlgan masalalarga eʼtibor qaratildi. Viloyatda davlat xizmati xodimlari bilim va malakasini oshirish, vakant lavozimlarga eng munosib nomzodlarni saralashda filial oldida turgan vazifalar haqida soʼz yuritildi. Samarqand viloyatida mavjud oʼrta boʼgʼin davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish boʼyicha alohida reja-jadval ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish, kadrlar xizmati rahbarlari reyting koʼrsatkichlarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, “Samarqand: kelajak liderlari” mavzusida 21-30 yoshli davlat fuqarolik xizmatchilari bilan ochiq muloqot tashkil etish va kelgusida “Kelajak liderlari” nomli yosh liderlar klubi faoliyatini yoʼlga qoʼyish belgilandi. Ushbu mavzuda 12 yanvarь kuni Samarqand yoshlar markazida ochiq muloqot oʼtkaziladigan boʼldi.

O.Hasanov Bulungʼur tumanida mahalla fuqarolar yigʼinlari raislari bilan, Jomboy tumanida esa yoshlar vakillari bilan ochiq muloqotlar oʼtkazdi.