Piskent tumanida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi ish boshladi

Toshkent viloyati Piskent tumanida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi huzurida tashkil etilgan markazda barsha sharoitlar mavjud. Xususan, nikohlanuvchi yoshlar oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlanadi. Tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan tuman hokimligi va prokuraturasi mas’ullari, imom-xatiblar Vatanimiz tinchligi, oilalar mustahkamligi va farzandlar kamolini tilab duo qildi.

Oila har bir davlatning asosiy negizi, uning mustahkamligi jamiyat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois mamlakatimizda oilalar mustahkamligiga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi qarori asosida respublikamizda oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi.


– Piskent tumanida 26 ming 522 oila mavjud, – deydi tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi X.Axmedova. – O‘tgan yili 940 nafar yosh juftlik oila qurgan. Turmushda uchraydigan pastu balandliklar tufayli 127 ta oila mahallalardagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasiga murojaat etgan bo‘lib, ularning 79 tasi yarashtirilgan. Oilalarni ajrim ostonasiga olib borgan sabablar tahlil etilganda, yosh oilalar vakillarining nikohga bo‘lgan mas’uliyatsizligi, norasida farzandlar taqdiriga bo‘lgan loqaydlik bilan birga, oilaga uchinchi shaxs aralashuvi, yoshlarga maslahat berishi kerak bo‘lgan kattalarning, ota-onalarning shoshqaloqligi ham sabab bo‘lmoqda.

Ahamiyatlisi, markazda ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning tomonlari ham ixtiyoriy o‘qishi mumkin.