Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida yoshlar bilan ochiq muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘ldi. Turli sohalarda o‘qiyotgan va ishlayotgan yigit-qizlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma’qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

 —Men sizlarning ko‘zlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko‘rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo‘q. Siz ularning vakillari o‘rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo‘rqmasdan, o‘z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar, - dedi davlat rahbari.