Yoshlar parlamentining “Yoshlar orasidagi ishsizlik: muammo va yechim” mavzusida anjumani bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining “Yoshlar orasidagi ishsizlik: muammo va yechim” mavzusida anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qonunchilik palatasi deputatlari, tadbirkorlar, xorijiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, huquqshunoslar, yosh olimlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan joriy yilda 490 nafar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, 4,9 mingta uy xo‘jaligi va 25,9 ming nafar fuqaroni qamrab olgan holda Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan metodika bo‘yicha sotsiologik so‘rov o‘tkazdi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizning faol aholisi orasida ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilning avgust davrida 9,1 foiz edi.

Ishtirokchilar o‘zlarining yoshlar bandligini ta’minlash haqidagi taklif va fikrlarini bildirdi.Bugungi zamonaviy mehnat bozorida kadrlarga qo‘yilayotgan talablar, pandemiya davrida mehnat bozoridagi vaziyat, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarning natijalari, shuningdek, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarining “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirishdagi ishtiroki hamda Mehnat kodeksining yangi tahririga oid muhim va dolzarb masalalar muhokama qilindi.