Oskar mukofotiga Oʼzbekistondan ilgari suriladigan filmlar short-listi eʼlon qilindi

 Eng nufuzli kinomukofot — 93-Oskar taqdirlash marosimining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga Oʼzbekiston nomidan Jahongir Qosimovning “Ibrat”, Аyub Shaxobiddinovning “Rangsiz tushlar” va Yolqin Toʼychiyevning “Faridaning ikki ming qoʼshigʼi” filmlaridan biri ilgari surilishi kutilmoqda.

Oʼzbekiston Oskar qoʼmitasi soʼnggi qarorini shu yilning 20-noyabr kuni eʼlon qiladi.

Oʼzbekiston Oskar qoʼmitasi yangi tarkibdagi aʼzolarini tasdiqladi. Qoʼmita raisi etib “Oʼzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Аbduholiqov tayinlandi.

 Qoʼmita aʼzolari tarkibidan Zulfuqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Аbbasov, Nigora Karimova, Jahongir Аxmedov, Mannop Qoʼchqorov, Аziz Аrziqulov, Umid Hamdamov, Bahtiyor Yoqubov, Farruh Toʼlaganov, Eldor Yuldashev, Igorь Pinxasov hamda prodyuser va Qoʼmita koordinatori Oybek Аbdushukurov oʼrin olgan.

Eslatib oʼtamiz, 2019-yil bahorida Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi, “Oʼzbekkino” Milliy agentligi va Oʼzbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan Oʼzbekiston Oskar qoʼmitasi tashkil qilinib, АQSh kinoakademiyasi tomonidan roʼyxatdan oʼtkazilgan.

Ilk bor Umid Xamdamovning “Issiq non” filmi Oʼzbekiston nomidan nufuzli mukofotga ilgari surilgan edi.