Yoshlar odam savdosiga qarshi


O‘sha paytlari olti yoki yetti yosh edim. Ayam bog‘lam-bog‘lam qilib bergan sarimsoq piyozlarni, kashnichlarni qishlog‘imiz bo‘ylab sotib kelardim. Qishloq odamlari juda anoyilardan emas. Ayniqsa, kashnichni aytgan narximning yarmiga olmagunicha ko‘ngillari joyiga tushmasdi. “Polvon, ikki bog‘ qo‘shib bering”, deb ham aytishardi. Bir soatlar atrofida sotuvchilikni qoyil qilib, uyga qaytardim. Qanchalik arzon sotsam ham uydagilarim urishmas edi. Ammo, ayamning mehnatiga achinardim. Axir sarimsoqlarni sotadigan holga keltirguncha qancha mehnat qilinadiyu, qancha ter to‘kiladi. Shu sababli, tortishib bo‘lsa ham ayam tayinlagan narxga sotaman, deb turib olardim. Bolaligimning o‘sha quvnoq, esda qolarli damlarini yodga olsam, kulgim keladi. Mamatqul amakining yaramas ko‘ppagidan zo‘rg‘a qochib qutilganim, xayol bilan bo‘lib, velosipedimni daraxtga urib olganim, suv ichib olgunimcha sinfdoshim Boymurodning buzog‘i kashnichlarimni yeb qo‘ygani… Ehhe, bu kabi voqealarni yozsam, bitta kitob kamlik qilsa kerak. Ammo, sotuvchilikni durustgina eplagan ekanman. 
Menimcha, umri davomida har kim bir martagina bo‘lsa ham sotuvchilik qilsa kerak. Kimdir sinfdoshlariga, kimdir yaqinlariga, kimdir begona kimsalarga nimadir sotgan bo‘lishi mumkin. Men hayotni ham bir bozor deb bilaman. Bu bozorda yaxshilik qilib, evaziga savob oladiganlar ham, yomonlik qilib, juda arzonga ko‘pgina gunohlarga ega chiqadiganlar ham bor. Ularning soni o‘ylaganimdan anchagina ko‘p, albatta. Lekin, qachonlardir odam bozori haqida eshitganmisiz? Odamlar sotiladigan, sotib olinadigan, chaqaloqlar pullanadigan bozor bor-ku… Shu yaqin atrofda joylashgan. Faqat bu bozorning sirli jihati shuki, ko‘zga ko‘rinmaydi. Zamonning zaylini qarang, odam bozorini ko‘zimiz bilan ko‘rmasak ham, sotib olayotgan, sotayotganlarni gohi-gohida uchratib qolamiz. Televizor va ijtimoiy tarmoqlar orqali “O‘z farzandini pullamoqchi bo‘lgan ona qo‘lga olindi”, “Chet elga sotilayotgan qizlar so‘nggi daqiqalarda qutqarib qolindi” singari xabarlar tez-tez qulog‘imizga chalinib turadi. To‘g‘risini aytganda, bunday xabarlarga o‘rganib ham qoldik. Eshitsak, parvoyimizga ham kelmaydi. E’tibor ham bermaymiz. Qanday yaxshi, hech narsaga e’tibor bermasdan, dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am, deb yashash. Ammo qachongacha bunday yashay olamiz? Yana qancha asr davom etadi bu noma’qulchiliklar? Birinchi sinflik paytimda radiodan “Odam savdosidan ehtiyot bo‘ling”, degan xabarni eshitgandim. Oradan o‘n bir yil o‘tibdi. Bugun ham shu xabarni eshityapman. Demak, o‘n bir yil davomida ildizi qo‘porilmagan illat qon-qonimizga singishga ulguribdi-da… 
Odam savdosi. Shu so‘z birikmasini eshitganimda boshqacha bo‘lib ketaman. To‘g‘ri, mol sotiladi, yetishtirilgan poliz ekinlari sotiladi, meva-chevalar sotiladi, uy va mashina sotiladi. Lekin, odam sotish… Ochig‘ini aytganda, bu haqida o‘ylashning o‘zi ham ayanchlidir. Bunday qabihlikka ma’naviy dunyosi o‘ta qashshoq bo‘lib, haq bilan nohaqni ajrata olmaydigan, to‘g‘ri tarbiya ko‘rmagan, oilaviy muhitda nosog‘lom o‘sgan, yashashni yeb-ichish va yaxshi kiyinishdan iborat deb biladigan, odamiyligidan asar ham qolmagan, qilg‘ilikni qilib qo‘yib, “Hayot majbur qildi, shayton yo‘ldan urdi”, deb aybni boshqalarga to‘nkaydigan birodarlarimiz, qarindoshlarimiz qo‘l urishadi. Ha, juda to‘g‘ri o‘qidingiz. Aslida ular yaqin atrofimizdagi biz bilgan, tanigan insonlarimiz bo‘ladi. Qaysidir sportchi jahon chempioni bo‘lsa, “Bizning ukamizda, bizning qarindoshda, bizning millatdoshda”, deb faxrlanishni qoyil qilamiz-ku. Kechirasiz, odam sotayotganlar, o‘z farzandini pullayotganlar ham “Bizning millatdoshlarimiz, bizning qarindoshlarimiz” hisoblanishadi.
Hamma narsa oilada ko‘rilgan tarbiyaga bog‘liq. Bu tan olingan va tan olishimiz majbur bo‘lgan haqiqat. Sa’diy Sheroziyning tarbiya haqidagi bir to‘rtligini o‘qiganimda qattiq ta’sirlangandim. 
Minbarning poyida tursa ham eshak,
Tarbiya yuqmaydi, bo‘lmaydi odam.
Tarbiya ko‘rmayin ulg‘aysa kishi,
Eshak bo‘lib qolar yuzga kirsa ham.

Bolaligingizda “Hayvonga o‘xshama”, degan tanbehni balki eshitgandirsiz, balki yo‘q. Ammo men eshitganman. Qadrdonim, bor aqlingiz, salohiyatingiz, ilmingiz bilan aytingchi, sigirning o‘z buzog‘ini, otning o‘z toychog‘ini, tuyaning o‘z bo‘talog‘ini, echkining o‘z ulog‘ini, qo‘yning o‘z qo‘zisini sotganini, biron bir manfaat yo‘lida pullaganini eshitganmisiz? Ha yashang, albatta, eshitmagansiz. Hozir yozganlarimni o‘qib turib, hayvonlarning bunday ishlarni qilishga aqli yetmaydi-ku, deb o‘layotgandirsiz. Juda to‘g‘ri, ularda aql yo‘q. Lekin, nega bizlar aqlli bo‘la turib, tasavvur va tafakkur olamiga ega shaxs bo‘lib, odam sotishdek nomaqbul ishga qo‘l uryapmiz? Bu savolga javob topish mushkul emas. Javobi shuki, befarqmiz, o‘ta-o‘ta befarqmiz. Otalar ishdan kelgach televizor ko‘rishdan boshqasiga ortmasa, onalar telefonda soatlab suhbatlashishdan bo‘shamasa… Balki, bugun ana shunday oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlardan ertaga odam savdosi bilan shug‘ullanishda ko‘pchilikni ortda qoldiradigan mug‘ombirlar yetishib chiqar...
Bu kabi illatlarning oldini olish uchun vijdonimizni tezroq uyg‘otishimiz kerak. Yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha tinimsiz harakatlar qilinmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan odamiylikka to‘g‘ri kelmaydigan savdo bilan shug‘ullanadiganlarni qabihlikdan qaytarish uchun tunu kun mehnat qilinmoqda. Ayni savdosi pishgan joyida ushlanayotgan va televideniye qarshisida yosh to‘kib, “adashdim”dan boshqasiga o‘tmaydigan ustasifaranglar yaxshiyamki, o‘z vaqtida qo‘lga olinyapti. Yo‘qsa, ularning kasriga begunoh chaqaloqlar, kuch-quvvatli yigitlar, bokira qizlar aziyat chekishardi. Maktab ostonasidan o‘tib, endigina katta hayotga qadam qo‘yayotgan yosh sifatida odam savdosiga – vijdon savdosiga, iymon va diyonat savdosiga mutlaqo qarshiman. 
Bitta narsaga achinaman. Hayotda bo‘sh beshikka qarab yosh to‘kadigan ayollar bor. O‘zimning ayajonim ham o‘n uch yil farzand ko‘rmagan ekan. Ana shunday munis va Yaratganning sinovida sinalayotgan ayollar oldida o‘z farzandini qaysidir manfaat yo‘lida sotayotganlarni ona deb bo‘ladimi? Moddiyot uchun ma’naviyatdan kechib, o‘z birodarini, o‘z millatdoshini, o‘z vatandoshini sotmoqchi bo‘lganlarni inson deb bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Bitta haqiqat bor. Odam savdosi bilan odamlar shug‘ullanmaydi. Ularga ulardan yaxshi bo‘lgan hayvon sifatini ham berib bo‘lmaydi. Ular arosatda qolganlar hisoblanadi. Arosatdagilar haqida ortiq fikr bildira olmayman. Faqat yana va yana bir narsani iltimos qilaman. Vijdonimizni uyg‘otaylik… 
Odamlarda qolganmi vijdon?
Yurakkinam, javob ber menga.
Yuzda niqob, so‘zimiz yolg‘on,
Haqiqatni ko‘rmaymiz nega?
Yurakkinam javob beradi:
“Kiprikdagi bir tomchi namsan”
Nima qilay, javobingni ayt.
“Unutmaki, sen ham odamsan!”

Yorqinjon Hayitboyev