Yoshlik – istiqbolning boshlanishi

Yoshlik, bu — orzu. Bu — ishonch. Bu — jasoratga intilish. Bu — kelajakka tuzilgan ulkan rejalar. Bu — istiqbolning boshlanishi.
Hayot har bir kishiga ulkan va bebaho tuhfa in’om etadi, bu kuch-quvvatga to‘la yoshlik, bilim va kurashga chanqoqlik, ishonch va orzu-umidga to‘la o‘spirinlikdir. Yoshlik o‘zining olijanob tashabbusi, sofdillikka, adolatga, bashariy haqiqatga behudud intilishi bilan taraqqiyotning buyuk kuchlaridan birini yaratadi.
Agar yoshlik orzusi bo‘lmaganda inson hayoti bir nuqtada to‘xtab qolgan bo‘lardi, ko‘pgina ulug‘ g‘oyalar ham aslida xayolparast yoshlikning beg‘ubor palagida nish urgan. Siz-u bizning yoshligimiz hayotimizning so‘nggi yillari uchun urug‘ qadaydigan bahor pallasidir.
Bu damda hayolimizni shunday ulug‘ fikrlar chulg‘asinki, bu fikrlar kelajakda bizni ko‘klarga ko‘tarsin. Yoshlikning qudrati hamma narsani uddalash imkoniyatiga ega ekanligimizda emas, balki hamma narsani uddalayman, deb o‘ylash imkoniyatiga ega bo‘lganligimizdadir.
Yoshlik bizga faqat bir marta beriladi, har bir inson yoshligida boshqa yoshdagiga nisbatan barcha yuksak va porloq narsalarga yaqinroq bo‘ladi. Yoshligingizni asrang. Dunyoda undan yaxshi pallangiz ham, undan qimmatliroq narsangiz ham yo‘q!
Yoshligingizni, xuddi oltin kabi, istagan narsaga ishlatishingiz mumkin. Siz kelajak me’morisiz. Kuchga to‘la qo‘llaringiz bilan O‘zbekiston kelajagini yaratasiz. Uning porloqligi ham, so‘lg‘inligi ham sizga bog‘liq. Suv kabi oqib o‘tayotgan umringizni Vatan ravnaqi va xalq farovonligi uchun xayrli, ezgu amallarni bajarishga sarf eting. Yoshligingizda bir zum ham tinim bilmaydigan hayot bilan birga faqat olg‘a qarab yurishingiz kerak! Sizni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Yoshlar kuni” bilan muborakbod etadi.