Yoshlar o‘z sohalaridagi yangilik va ish jarayoni bilan tanishdi

30-iyun mamlakatimizda – Yoshlar kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Transport prokuraturasi tomonidan Transport vazirligi, "O‘zbekiston temir yo‘llari" hamda "Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Soha xodimlari dastlab Toshkent transport prokuraturasi muzeyiga tashrif buyurdi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Transport muzeyida temir yo‘l tizimining uzoq tarixi va mustaqillik yillarida sohada erishilgan yutuqlar gavdalanadi. Tarixiy paravozlar, teplovozlar uzoq tarixdan so‘zlasa, zamonaviy elektrovozlar, "Afrosiyob" poyezdlari, yangi va ko‘rkam vokzallar bugungi o‘zbek temir yo‘lining taraqqiyotidan darak beradi. Bu yerda shuningdek, temir yo‘l liniyalari, ko‘p turdagi yuk vagonlari, uchastkalarning xaritalari ko‘rkam maketlar asosida tasvirlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Saidkamol Muxtorov va Transport prokurori yordamchisi Sanjar Mirzaxmedovlar ushbu muzey soha xodimlarini, ayniqsa yoshlarni, o‘quvchi va talabalarni Transport prokuraturasi bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» , "Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyatlari va Transport vazirligi korxonalari bilan uzviy bog‘liqligi, hamkorligi va xavfsizlikni ta’minlashda amalga oshirilayotgan vazifalarni ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Muzeyda transport tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, ishchi-xodimlarning huquq va ijtimoiy manfaatlarini muhofaza qilishda prokuratura organlarining faoliyati va ko‘rsatayotgan amaliy yordami haqida ham batafsil ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.