Markaziy Osiyo yoshlari do‘stlik forumida O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston yoshlari onlayn muloqot qildi

Kuni kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston yoshlari ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari do‘stlik forumi doirasida onlayn muloqot tashkil etildi.

Muloqotni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi raisi Sherzod Olimov boshlab, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida nutq so‘zladi.

Shundan so‘ng, Afg‘oniston va Qirg‘iziston Respublikasi yoshlari so‘zga chiqdi.

Afg‘oniston Yoshlar Jumbushi Raisi Doktor Kaneshka Turkistoniy so‘zga chiqib, O‘zbekiston doimo Afg‘onistonda tinchlik tarafdori ekanligini ta’kidlab, pandemiya sharoitida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi va viloyat hokimligi tashabbusi bilan Afg‘oniston xalqiga 2 bora beg‘araz yordam ko‘rsatilganligi uchun samimiy minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, Afg‘oniston vakillari Respublikada yashovchi o‘zbek millati vakillari hamda o‘zbek tilida ta’lim oluvchi yoshlar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi yangi lotin alifbosidagi darsliklarga ehtiyoj borligini aytib, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqidan amaliy yordam berishini so‘radi.

Bunga javoban Sherzod Olimov afg‘onistonlik yoshlarga ming dona o‘zbek tilidagi badiiy asar va lotin alifbosidagi o‘zbek tili darslik kitoblarini ulashishga va’da berdi.

Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan “Qirg‘iziston umidi” alyansining Vitse-prezidenti Malika Moltayeva so‘zga chiqib, Qirg‘izistonda yoshlar sohasida olib borilayotgan ishlar, “Qirg‘iziston umidi” alyansining tashkiliy tuzilmasi haqida ma’lumot berdi. Malika Moltayeva yaqinlashib kelayotgan yoshlar kuni bilan barcha O‘zbekiston yoshlarini tabrikladi.

Shuningdek, Afg‘oniston Yoshlar Jumbushining Markaziy kengashi bosh kotibi Nasratulloh Ibrohim so‘zga chiqdi va yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlarini samimiy qutladi.

Bunday uchrashuvlar bardavom bo‘lishiga kelishib olindi.