Toshkentda yana bir "Yoshlar mehnat guzari" foydalanishga topshirildi

Poytaxtimizdagi Yakkasaroy tumanida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida "Yoshlar mehnat guzari" foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Abdulaziz Nazirov, deputatlar va yoshlar ishtirok etdi.

– Poytaxtimizning har bir hududida «Yoshlar oyligi» keng ko‘lamda nishonlanmoqda, – dedi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova. – Yoshlar bilan shahar hokimi, prokurorlar, turli tashkilot rahbarlari uchrashib, ularning muammolarini ijobiy hal etmoqda. Shuningdek, yoshlar iqtidorli tengdoshlari – sportchilar, fan-ta’lim bo‘yicha xalqaro olimpiada sohiblari bilan dildan suhbatlashmoqda.

Samimiy kechgan muloqotlarda yoshlar uchun eng muhim fazilatlar, mahorat sirlari, ona yurt sharafini himoya qilish mas’uliyati haqida so‘z yuritilmoqda. Bugun esa ko‘plab yoshlarni ish bilan ta’minlaydigan zamonaviy va ko‘rkam "Yoshlar mehnat guzari" ishga tushdi. O‘ylaymizki, ushbu guzar yoshlarga sifatli xizmat ko‘rsatadi.

Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 2018-2019 yillarda Toshkent shahrida 56 ta «Yoshlar mehnat guzari» va "Kovorking markazlari" qurish bo‘yicha tuman hokimlarining qarorlari chiqarilgan bo‘lib, bugungi kunda 8 ta ob’ekt foydalanishga topshirilgan.

Ishtirokchilar "Yoshlar mehnat guzari" faoliyati bilan yaqindan tanishdi, yoshlar bilan suhbatlashdi. 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan ushbu bu guzarda sartaroshxona, ovoz yozish, foto va video studiyalar, bolalar o‘yingohi, musiqa va san’at xonalari, jurnalistika markazi, restoran mavjud. Mazkur maskanda 120 yoshning bandligi ta’minlanadi.

Tadbir asnosida Yakkasaroy tumani yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan rassomlik tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

– Tumandagi to‘rtta sektor rahbariyati bilan hamkorlikda ikki yosh toifasida, ya’ni 7-14 va 15-20 yoshgacha bo‘lgan iqtidorlilar o‘rtasida rassomlar tanlovi o‘tkazilgan edi, – dedi xalq deputatlari Yakkasaroy tumani deputati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman kengashi raisi Shodiyor Toshpo‘latov. – Ushbu maskanda g‘oliblarning ijodiy ishlari namoyish etildi va g‘oliblar taqdirlandi. Bu kabi tanlovlarni bunday keyin ham tashkil etib, yoshlarga motivatsiya berishga harakat qilamiz.