“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ikki yoshda

Yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar, ish o‘rinlari yaratish va yigit-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 2018-yil 27-iyun kuni davlatimiz rahbarining “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.

Farmon bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etildi.

Poytaxtimizdagi "Yoshlar press-klubi"da joriy yil 27-iyun kuni Jamg‘arma faoliyatining ikki yilligi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Farmonga ko‘ra, tijorat banklari orqali yigit-qizlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun 2019-yil 31-dekabrga qadar yillik 7 foizda, 2020-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan stavkalarda kredit va mol-mulkni lizingga berish rejalashtirilgan edi.

– Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar yosh tadbirkorlarning 7 ming 690 ta biznes loyihasiga jami 1 trillion 614 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali 39 ming 577 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattorov. – Davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalariga oid loyihalar moliyalashtirildi. Kredit olib faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar tomonidan 1,5 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi.

Anjumanda jamg‘armaning kelgusidagi maqsad va vazifalari yuzasidan ma’lumot berildi. Jumladan, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan startap loyihalarga grant ajratiladi. Bu borada Andijon viloyatida yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard so‘m grant mablag‘i ajratildi. Bundan tashqari, «Startap tashabbuslar» dasturini amalga oshirish uchun 1 milliard so‘m miqdorida grant mablag‘i yo‘naltirildi.

Shuningdek, jamg‘arma hisobidan ko‘p tarmoqli «Yosh tadbirkorlar» texnologik parklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur texnoparklarda yoshlarning biznes o‘quv maktablari tashkil etiladi hamda mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning yangi turlarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. Bugungi kunda Jizzax viloyatining Do‘stlik, Sharof Rashidov, Zomin tumanlarida texnoparklarni qurish ishlari boshlangan.

Yosh tadbirkorlarni o‘qitish uchun chet el va mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida yuqori malakaga ega biznes trenerlar, yirik kompaniyalar asoschilari bo‘lgan mutaxassislarni jalb etgan holda muntazam bepul biznes o‘quvlari tashkil etiladi.

Mahalliy tadbirkorlarni chet eldagi biznes vakillari bilan o‘zaro tajriba almashinuvini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida yurtimizda Xalqaro yosh tadbirkorlar biznes forumini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bugungi pandemiya sharoitida yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini masofaviy o‘stirish maqsadida bizneskurs.uz onlayn platformasi faoliyati tashkil etiladi. Ushbu platformada tajribali biznes trenerlarning biznes kurslari joylashtirib boriladi.

Bilimli, salohiyatli, o‘zining noyob g‘oyalariga ega bo‘lgan, biroq hayotda o‘z o‘rnini topa olmayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “My Business” realiti-shousi tashkil etiladi.

– Bir yarim yil avval o‘z biznesimni boshlash uchun kredit olish maqsadida bir necha banklarga murojaat qildim, lekin ularning yillik foiz stavkasi juda yuqori edi, – dedi «Toshkent tekstil» oilaviy korxonasi rahbari Muzaffar Mahkamov. – “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi haqida eshitib, ularga biznes loyihamni aytdim. Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish niyatida jamg‘armadan yillik 7 foiz stavkada 70 million so‘m kredit olib, tikuv mashinalari oldim. Bugungi kunda yurtimizning eng oldi tadbirkorlari bilan hamkorlikda erkaklar kiyimini ishlab chiqarib, ichki bozorga sotayapmiz. Kelajakda faoliyatimni kengaytirib, mahsulotimizni xorijga eksport qilmoqchiman.

Matbuot anjumanida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatiga ikki yil bo‘lgani hamda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.