Shavkat Mirziyoyev oliy o‘quv yurtiga kirolmagan yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan tanishdi. Yaqindagina qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

—Bugun Prezidentimizga “Raqamli shahar” IT parkida yoshlar uchun ko’plab loyihalarni taqdimot qildik. Eng asosiy vazifa yoshlar bandligini ta’minlash va ularning og’irini yengil qilish. Xorijda mehnat qilayotgan yoshlarimizga qulayliklar yaratish, ularni kasbga o’rgatish va kelajak avlod uchun raqobatbardosh kasb tanlashlarida yordam berish, - deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa'dullayev. — Prezidentimiz har bir soha egalari, korxona va tashkilotlar rahbarlaridan tortib vazirlik idoralar rahbarlarigacha yoshlar uchun imkoniyatlarni ko’paytirish bo’yicha topshiriq berdilar. Andijon viloyatida har bir mahallagacha tushib, yoshlar bilan ishlash va ularni ish bilan ta’minlashni davom ettirishni topshiriq qilib berdilar. Xudo xohlasa, tadbirkorlik, innovatsiya, IT sohalarida ham yaxshi loyihalar amalga oshiramiz.

Hozirda bu yerga tumanlardan 328 nafar mutaxassis jalb etilgan. Tashrif davomida oliy o‘quv yurtiga kirolmagan yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning qiziqish va layoqatini o‘rganib, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.