Yillik daromadini 400 million so‘mdan oshirgan yosh tadbirkor 10 ta yangi ish o‘rni yaratdi

Xatirchi tumanida yil sayin yosh tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Tumandagi tashabbuskor yoshlardan biri “Hunarmand ziyo” MChJ rahbari Salim Ishniyozovdir.

Yosh tadbirkor bugungi kunda mazkur korxonada 12 turdagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bir qatorda, non mahsulotlarini ham aholiga yetkazib berilmoqda.

—Faoliyatimni 2019-yil “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasidan 200 million so‘m imtiyozli kredit olib boshlaganman, – deydi S. Ishniyozov. – Bugungi kunda korxonamiz bir kunda ikki tonnagacha sutni qayta ishlash quvvatiga ega. Shuningdek, bir kunda 500 dona qolipli non ishlab chiqarilyapti. Tadbirkorlik tavakkalchilikni ham talab etadi. Endigina ish boshlaganimda "Ishni eplab ketarmikanman?", degan hadik va qo‘rquv bor edi. Mana hozirda o‘zim kabi tengdoshlarimning 10 nafarini ish bilan bandligini ta’minlashga ham erishdim.

Yillik daromadini 400 million so‘mdan oshirgan S.Ishniyozov boshlagan ishidan, aholiga foydasi tegayotganidan mamnunligini bildirdi.