"Yoshlar — kelajagamiz" jamg‘armasi yil yakunigacha 68 ta navoiylik yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi

Ayni paytda viloyatimizda qariyb 7 mingdan ziyod xususiy korxonalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, mazkur sub’ektlar rahbarlarining 20 foizi yosh tadbirkorlardir. Mazkur raqam kun sayin ortib, ishbilarmonlarimiz safi tashabbuskor yosh avlod vakillari bilan kengayib bormoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini va harakatlantiruvchi kuchiga aylanib borayotgan tadbirkorlik keng quloch yozib, chekka-chekka qishloqlarda ham yangi korxonalar paydo bo‘layotgani, bunda esa asosan, yoshlarimiz tashabbuskor ekanligini alohida ta’kidlash joiz.

O‘z biznes loyihalarini hayotga tatbiq etishlari uchun ularga barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan yoshlarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali aholi bandligi ta’minlanayotganligi buning yaqqol misoldir.

Tadbirkor yoshlarning safi kengayishi mazkur sohaning jadal rivojini ta’minlaydi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi raisi Jamshid Xodjayev. – Sababi, yoshlar har bir ishga kreativ yondashib, yangi-yangi loyihalar ustida ish olib boradi. Biznesda eng ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash va bu orqali samaradorlikni hamda raqobatbardoshlikni oshirishga intilishadi. Natijada mazkur jarayon mamlakat rivojiga ham katta turtki beradi.

– O‘tgan yili Jamg‘armamiz tomonidan 179 ta tadbirkorga 62 milliard 429 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, natijada mingta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Shohrux Sharopov. – 2020-yilda esa 68 ta tadbirkorga 17 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali 226 nafar kishining bandligi ta’minlanadi. Bugungi kunda jamg‘armamizga kelib tushayotgan biznes loyihalar sonining salmog‘i yoshlarimizning biznes yuritishga ishtiyoqi oshayotganligidan darak beradi.