Nurotadagi tikuvchilik korxonasida kollej bitiruvchilari uchun 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi

Bir yil oldin olis hududdagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Temirqovuq qishlog‘ida rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 100 o‘rinli “PREMIER TEXTILE” MChJ tikuvchilik korxonasi faoliyatini boshlagan edi. O‘sha vaqtda korxonaga Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 1 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy tikuv mashinalari ajratilgandi.

Yaqinda korxonada kollej bitiruvchilari va qishloq xotin-qizlarini ish bilan ta’minlash maqsadida yana 25 yangi ish o‘rni yaratildi.

– 2-sonli Nurota qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji binosida tikuv sexi faoliyatini boshladi. Natijada kollej bitiruvchilari va qishlog‘imiz xotin-qizlari ishli bo‘ldi. Endi ular ham oilasi farovonligiga hissa qo‘shadi, – deydi kollej direktori Bahodir Tog‘ayev.

Tayyor mahsulotlar Rossiyaga eksport qilinadi. Joriy yilning shu kuniga qadar bu mamlakatga 329,5 ming dollarlik mahsulot sotilgan.