Yosh tadbirkorlar 500 mingta niqob, 300 million so‘mlik oziq-ovqat va 8 mingta antiseptik gel aholiga bepul tarqatdi

Ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida turli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shu muddat oralig‘ida tibbiy niqoblar va antiseptik gellarga nisbatan talab ham oshgan. "Yoshlar-kelajagimiz" jamg‘armasi aholiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida yangi loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, jamg‘arma tomonidan “Virusni birgalikda yengamiz” xayriya aksiyasi tashkil etildi.

Aksiya doirasida Jamg‘armadan imtiyozli ravishda kredit olgan 500 nafarga yaqin yosh tadbirkorlar tomonidan hozirgi kunga qadar 500 mingta niqob, 300 million so‘mga yaqin oziq-ovqat, 8 mingta antiseptik gel va mingdan oshiq nam salfetkalar aholiga bepul tarqatildi.

Jamg‘arma kelgusida mazkur aksiya doirasida yana 500 mingga yaqin niqob, 200 million so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti va 10 mingta antiseptik gelni aholiga bepul tarqatishni rejalashtirgan.