Umumxalq hasharida poytaxt yoshlari qanday ishlarni amalga oshirishdi.

Maʼlumki xalqimiz maʼnaviyatida, qadriyatlarida boshqa xalqlar oʻrgansa va oʻz tajribasida qoʻllashga arziydigan koʻpgina ibratli tajribalari mavjud.

Masalan, hashar deb atalgan tadbir koʻpchilikni birdamlikka, ahillikka va mehr-oqibatga undashi bilan ajralib turadi. Mazkur tadbirda yoshu-keksa otaxonlarimiz ishtirok etib, farzandlari, nabiralarga xalqimiz maʼnaviyatida, tarixida bir necha yuz yilliklardan buyon eʼzozlanib kelinayotgan urf-odatlar, qadriyatlarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirishlar beradilar.

Respublikamizda joriy yilning 14-15-mart kunlari xayriya hashari sifatida eʼlon qilinishida ham katta maʼno bor. Ayni bahor kunlari mahallalarda, mehnat jamoalarida erta tongdan boshlab xayriya hasharlari tashkil etilib, unda xalqimizning barcha qatlami faol ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi ham xayriya hashariga oʻzgacha hozirlik koʻrildi. Mazkur tadbir bahona Olmazor tumanida joylashgan 100-sonli maxsus maktabning hududida obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash va daraxtlarni oqlash ishlari bajarildi.

- Eʼtiborlisi, obodlikka qaratilgan harakatlar oʻzbek xalqining toʻy-tantanalari va turli bayramlari sababli hamda bunyodkorlik ishlarida yana-da yaqqol koʻzga tashlanmoqda. – dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimova. – Faqat oʻzimizgagina xos boʻlgan hasharning qadriyat darajasiga koʻtarilgani ham bejiz emas. Zero, xalqimiz hasharni mehr-oqibat, ishonch hamda doʻstlik rishtalarini mustahkamlovchi vosita sifatida eʼzozlab keladi. Yurtimizda turli bayramlar, muqaddas sanalar oldidan umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish va shu orqali hududlarni obodonlashtirish yaxshi anʼanaga aylangan”.
Mazkur tadbirda poytaxt yoshlari alohida namuna koʻrsatib, maktabning kirish yoʻlaklari va koʻcha hududlarida uyushqoqlik bilan xayriya hasharida qatnashdilar. Obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va daraxtlarga shakl berish ishlari sifatli tashkil etildi.

Albatta, bu kabi xayriya tadbirlari barchani yagona maqsad yoʻlida birlashtirish barobarida, kelajagimiz egalari qalbida mehnatsevarlik tuygʻusini shakllantirishi bilan ahamiyatlidir.