O‘zbekistonda Yoshlar parlamenti tashkil etiladi

Yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki yanada kengaytiriladi. Bu haqda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida e'lon qilindi.

2020-yil 1-iyunga qadar Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unda Yoshlar parlamentini tashkil etish va uning tarkibini shakllantirish tartibini belgilash, mazkur parlamentning Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari bilan o‘zaro aloqasini yo‘lga qo‘yish va
undagi a'zolarning qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda parlament nazoratini amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etishini ta'minlash ko'zda tutilmoqda. Loyiha ijrosi uchun Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mas'ul bo'ladi.

Shuningdek, loyiha orqali yangi shakllangan parlament a'zolarining hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

2020-yil 1-martga qadar chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Dasturda deputatlar va senatorlarning o‘z faoliyatiga doir kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va ularni tizimli amalga oshirish nazarda tutiladi.
Mazkur vazifala ijrosi uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oliy Majlis palatalari (kelishuvga asosan), xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari mas'uldirlar.