"Hokim va yoshlar" uchrashuvi Rishton tumanida davom etmoqda

"Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi", - degan edi Prezidentimiz. Darhaqiqat, "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligi ham davlatimizning yoshlarga qaratilgan yuksak e’tibori namunasidir deyish mumkin.

Rishton tumanidagi akademik litseyda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham bu borada olib borilayotgan va tuman yoshlariga qaratilayotgan yuksak e’tibordan darak.

Uchrashuv yoshlarga oid davlat siyosati, beshta muhim tashabbusning birinchi va beshinchi tashabbuslari, ya’ni yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutgan holda hamda yoshlar muammolari, takliflarini tinglash, ularning tadbirkorligini rivojlantirish, muammo va kamchiliklarini bartaraf etish masalalariga qaratildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan tuman hokimi Sufhonjon Soliyev hozirgi kunda yoshlarning chuqur bilim olishi, fanlarni puxta o‘zlashtirishi, kasb-hunar sirlarini mukammal o‘rganishi, yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlardan foydalanib manfaatli loyihalarni amaliyotga joriy qilishi lozimligini ta’kidladi.

Ochiq muloqot ruhida hokim bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildilar va mavjud savollarga atroflicha javob olishdi.

Yoshlar tomonidan 10 dan ortiq muammolar o‘rtaga tashlanib, ularning aksariyati o‘z o‘rnida yechimini topdi. Qolganlari esa ro‘yxatga olinib, ularga mas’ullar va bajarish muddatlari tayinlandi.

Uchrashuvda shuningdek, tuman Ichki ishlar bo’limi boshlig‘i Z. G‘ofurov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasi tuman bo‘limi mudiri S. Dodoboev hamda tumandagi korxonalar va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv nihoyasida tuman Xalq ta’limi bo’limi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar namoyish qilinib, mehnat yaramarkalari tashkil etildi.