Uchko'prik tuman hokimi yoshlar muammolarini ijobiy hal etdi

Uchkoʼprik sanoat kasb-hunar kollejida Oʼzbekiston Respublikasining yoshlarga oid Davlat siyosati toʼgʼrisidagi qonuni, 2019-yil 27-dekabrdagi Oʼzbekiston Prezidentining yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan topshiriq va takliflar ijrosi yuzasidan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil qilindi.

Tadbirda Yoshlar ittifoqi tuman kengashi aʼzolari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda 300 nafardan ziyod yosh avlod vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Uchkoʼprik tumani hokimi Аkmaljon Mahmudaliev 2020-yilda yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, yoshlar uchun imtiyozli kreditlar ajratish uchun bank resurslarini koʼpaytirish va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida batafsil maʼlumot berdi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan tuman hokimiga 27 nafar yoshlar tomonidan 30 dan ortiq tashabbus, taklif va masalalar boʼyicha murojaatlar boʼldi. Ularning 26 tasi joyida hal etildi, 3 tasi koʼrib chiqish uchun qabul qilindi, 5 ta masala yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.

Jumladan, 12-maktab yoshlar yetakchisi Dostonbek Saminjonov oʼquvchilar, faol va kam taʼminlangan yoshlar uchun yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohat tashkil etishda amaliy yordam soʼradi. Bu yozgi taʼtil vaqtida amalga oshiriladigan boʼldi. “Boboshbek” mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi Mamlakatxon Аzizova oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 10 million soʼm imtiyozli kredit soʼrab murojaat qildi. Sektor rahbari koʼmagida “Xalq banki” tomonidan bir hafta muddatda unga kredit mablagʼlari ajratilishi maʼlum qilindi. 14-maktab yoshlar yetakchisi Yorqinjon Toyirov 1-guruh nogironi Аzizjon Rahimov uchun nogironlik aravachasi olib berish masalasini koʼtardi. Shu kunning oʼzidayoq Аzizjonga nogironlik aravachasi olib berildi.

Yoshlar tomonidan koʼtarilgan har bir masala va tashabbusga tuman hokimi tomonidan aniq va atroflicha javob berilib, masalalarning yechimi yuzasidan shu joyning oʼzida aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Tadbir nihoyasida tuman hokimi fan olimpiadalari, turli tanlovlar va sport bellashuvlarida munosib ishtirok etgan yoshlarga faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʼalar topshirdi.