Uchko'prik tuman ichki ishlar bo’limi rahbari yoshlar bilan uchrashdi

Uchko’prik tumanidagi Transport va qurilish kasb-hunar kollejida tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tumanning barcha hududlaridan tashrif buyurgan yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi umumta’lim maktabida yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar asosida yoshlar fikrlari tinglandi, ularning tashabbus, taklif hamda muammolari o‘rganildi.

Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish uchun madaniy, ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish, bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun yoshlarga sharoitlar yaratish, xususan, sport to‘garaklarini ko‘paytirish yuzasidan qator takliflar, tashabbuslar aytildi.

Yigit-qizlar bilan muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatini boshlash, kasb-hunar egallash, imtiyozli kredit olish, ishga joylashish kabi masalalarga oid 25 ta murojaat o‘rganildi. Murojaatlarda ko‘tarilgan 32 masalaning 23 tasi joyida hal etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarning nafaqat bandligi, balki uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘qish-o‘rganish bo‘yicha qiziqishlari haqida ham fikrlashildi. Ularning talab-istaklari tinglanganda bu yo‘nalishda qilinishi zarur ishlar ko‘pligi ayon bo‘ldi va bu masalalar ham mutasaddilarning ish rejasidan o‘rin oldi.

Uchrashuvdan kitobsevar va sportga ishtiyoqmand yoshlar, ayniqsa, mamnun bo‘ldi. Tadbir tashkilotchilari – ichki ishlar bo‘limi, tuman hokimligi va Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tomonidan ularga badiiy kitoblar hamda sport anjomlari sovg‘a qilindi.
Bunday e’tibordan yoshlarning ko‘ngli ko‘tarildi, ular qalbida harakat qilish, ishlash, oilasiga, jamiyatga foyda keltirishga bo‘lgan shijoat yuksaldi.

Uchrashuv so’ngida yoshlar o‘rtasida futbol va volleybol turlari bo‘yicha musobaqa tashkillandi hamda g’olib jamoa esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.