Xorazm viloyatidan Farg'ona viloyatiga!

27-noyabr kuni O'zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev Farg'ona viloyatining Marg'ilon, Farg'ona va Quvasoy shaharlarida bo'ldi. Xabar berganimizdek, yoshlar bilan dastlabki uchrashuv Farg'ona shahridagi Tadbirkorlar markazida bo'lib o'tdi. O'zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Farg'ona shahrida "Beshbola" mahallasidagi Yoshlar mehnat guzarining ramziy ochilish marosimida ham qatnashdi.

"Yoshlar kelajagimiz" jamg'armasidan olingan 2 mlrd so'm imtiyozli kredit hisobiga qurilgan, ayni vaqtda 35 kishi ish bilan ta'minlangan mehnat guzarida kutubxona, sog’lomlashtirish markazi, tasviriy san’at to’garagi va kompyuter savodxonligi to’garagi o’rin olgan.

So'ng O'zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi Quvasoy shahridagi 90-sonli maxsus maktab internatda tahsil olayotgan o'quvchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda bolajonlarning har biri jamiyatda o'zining muhim o'rniga ega ekanligi, ularning doimo jamiyat bilan hamnafas bo'lishlari uchun imkoniyat yaratib berilishi, o'zaro faol muloqotning ahamiyati to'g'risida so'z bordi. Maktab internatiga 200 ta badiiy kitob va video proektor sovg’a qilindi.

O'zbekiston yoshlar ittifoqi raisi uyda turib ta'lim oluvchi Alijon Aliyev va Hayotjon Maqsudjonovlar xonadonida bo‘lib, bolajonlar, ularning ota-onalari, yaqinlari bilan samimiy suhbatlashdi. Ikki yoshning bilimga bo'lgan intilishini yanada oshirish uchun ularga kompyuter jamlanmasi sovg'a qilindi.