Termizdagi “Qizlar ovozi” forumida 23 nafar xotin-qiz ishga yo‘llanma oldi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan forumda 350 nafar o‘quvchi va talaba qiz ishtirok etdi.

Forumda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni ijtimoiy faoliyatga keng jalb etish, oilaviy inqirozlarning kelib chiqish sabablari, undan chiqib ketishning samarali usullari va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir davomida viloyat “Qizlar ovozi” klubining hududiy kengashi rahbarligiga nomzodlar dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Saylov natijalariga ko‘ra, 96 nafar ovoz to‘plagan Termiz davlat universiteti rus filologiyasi fakulteti 2-kurs talabasi Nilufar Komiljonova Surxondaryo viloyat “Qizlar ovozi” klubining hududiy kengashi rahbari etib saylandi.

Forum doirasida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida 23 nafar xotin-qiz ishga yo‘llanma oldi. 20 nafar xotin-qiz bilan esa mehnat shartnomasi tuzildi.