Respublika sardor saylovi boshlandi

Bugungi kunda yurtimiz bo'ylab 1 million 836 ming nafar sinf sardorlari, 1 million 733 ming nafar maktab sardorlari, 3 ming 492 nafar tuman ( shahar) sardorlari, 252 nafar Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, va Toshkent shahar sardorlar Kengashi a'zolari qizg'in faoliyat yuritmoqda. Ularning 18 nafarini Respublika sardorlar kengashi a'zolari tashkil etadi.

6-noyabr kuni Toshkent shahrida Respublika sardorlar forumi doirasida Respublika sardorlar saylovi boshlandi. 9-noyabrga qadar davom etuvchi saylovda hududlardagi 14 nafar “Ittifoq” va 14 nafar “Kamalak” bosh sardorlari o‘zaro kuch sinashadi. Saylov doirasida sardorlar va hududiy “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari uchun bir kunlik seminar-trening tashkil etiladi.

Bugun poytaxtimizdagi "Yoshlar ijod saroyi" da Respublika Sardorlar forumining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari, Respublika “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari, hududlardagi “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari, boshlang'ich tashkilot yetakchilari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayevlar o'z nutqlari bilan ochib berdi.

So'ngra, Respublika Sardorlar faoliyati sarhisob qilindi.Tizimdagi yutuqlar bilan birga muammo va kamchiliklar,kelgusidagi rejalar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga "Amir Temur" nomli ilk gologramma spektakli namoyish etildi.