Jinoyat va giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashni yoshlikdan boshlash zarur

Smartfoningizga bugun ham yurtimizning turli hududlaridan u yoki bu jinoyat to‘g‘risida xabar keldimi? Balki o‘zingiz qandaydir dilxiralikning guvohi bo‘lgandirsiz. Buning bari ruhiyatingizga salbiy ta'sir qilishi tabiiy.

Jinoyat va giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashni yoshlikdan boshlash zarur.

So‘nggi vaqtda O‘zbekiston poytaxti va markaziy shaharlaridagi yoshlar orasida opioid dorilar savdosi kuchayib ketdi. Bundan tashqari, qiziqqon yoshlar orasida mayda bezoriliklar uchrab turibdi. Aslida qattiq og‘riqni yengillashtirish uchun mo‘ljallangan tramadol, lirika kabi preparatlarga hatto maktab yoshidagi bolalarning ruju' qo‘yishi og‘ir oqibatlarga olib keldi. Dolzarb mavzu bir guruh jurnalist va blogerlar tomonidan ham ko‘tarib kelinadi.

5-noyabr kuni Yoshlar press-klubida o‘zbekistonlik yoshlar orasida huquqbuzarlik, mayda bezorilik va opioidlarga (tramadol, lirika) tobe'likning oldini olish maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Muhokama davomida ayni masalalarning oldini olish uchun qanday yo‘l tutish zarurligi to‘g‘risida fikrlar tinglandi.

Sizningcha, yoshlar orasida jinoyatchilik sodir etilishi va turli noqonuniy dorilarga mukkadan ketish holatlarining oldini olish uchun nima qilish kerak?

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar press-klubi 6-noyabr soat 19:30da "Yoshlar" kanalida efirga uzatiladi.