Hayot yo‘lingizni yorituvchi chiroqlar… Kun davomida hech bo‘lmaganda bir soat mobaynida mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lish inson fikrlash qobiliyatini rivojlantirib, so‘z boyligini oshiradi. Agar kitob oʻquvchiga oz boʻlsa-da, kuch-gʻayrat, shijoat, maʼnaviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda va besamar qolaveradi. Kitoblar insonni hayotga yoʻllagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Biz esa hayot yo‘lingizni yorituvchi chiroq bo‘la oladigan kitoblar ketma-ketligini taqdim etishda davom etamiz. Nabi Jaloliddin – “Tegirmon” romani Xalqimizning o‘tyurak shoiri Cho‘lpon haqida roman yozishga o‘zbek adabiyotida ham ko‘p bor urinishlar bo‘lgan. She’rlar, pesalar va dostonlar bitilgan, lekin uning iztirobli hayoti boshdan oxir ochib berilgan tarixiy roman hozirgacha yozilmagan edi. Nabi Jaloliddin buyuk o‘zbek shoiri va yozuvchisi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqida ikki kitob, 5 qismdan iborat “Tegirmon” nomli romanni yozib tugatdi. Bu roman mustaqillik uchun kurashgan haqgo‘y, jasur, g‘animning ko‘ziga tik boqishdan qo‘rqmagan jasoratli va vatanparvar, shuningdek, hayoti bir umr iztirobda, sarson-sargardonlikda, xo‘rlikda o‘tgan Cho‘lpon haqida. Bundan tashqari, asarda tariximizda va adabiyotimizda katta iz qoldirgan o‘nlab buyuk shaxslar ham o‘rin olgan. Qolaversa, o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi fojealar aniq va ta’sirchan tarzda yoritilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning taklifi va tavsiyasi bilan yozilgan, ikki kitob, besh qismdan iborat bu roman o‘quvchilar e’tiboriga 2015-yilda havola etildi. Paulo Koelo – “Alkimyogar” “Alkimyogar” romani braziliyalik yozuvchi Paulo Koelo tomonidan yozilgan dunyoga mashhur asarlardan biri hisoblanadi. 60 ga yaqin xorijiy tilga tarjima qilingan asar to‘qima obraz cho‘pon bola Santyago va uning sayohati haqida hikoya qiladi. Yozuvchi o‘z fikrlarini asar obrazlarining o‘zaro suhbatlari orqali tasvirlab o‘tgan. Misol uchun, Salim podshoh va Santyagoning suhbatini olaylik. Podshohning aytishicha, bu sayyorada bir ulug‘ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Bu sening Yerdagi nasibangdir. Teologik (diniy) nazariyalarga murojaat qiladigan bo‘lsak ham ularda inson doim yaxshi niyat qilishi, tinmay harakat qilishi va Yaratgandan so‘rashi lozimligi, natijada o‘z orzusiga erishishi mumkinligi haqida aytiladi. Yozuvchi bu suhbat orqali doim orzu yo‘lida harakatni davom ettirishni tavsiya qiladi. Asarning kulminatsion nuqtasi sifatida men quyidagi fikrlar berilgan joy deb bilaman. Ma’nosi shunday. Inson orzusi nega ushalavermaydi? Bunga doim to‘rtta to‘siq xalaqit beradi. Birinchisi, yoshligingizda katta orzu qilganingizda (prezident, fazogir va hokazo) atrofdagi yaqinlaringiz ushalmaydigan orzu qilma, deb uqtiradi. Bu birinchi xavf. Umidsizlik shundan kelib chiqadi, odatda. Ikkinchisi, juda ko‘pchiligimiz duch keladigan sevgi-muhabbatdir. Ba’zan insonlar sevgi hayotimga to‘siq bo‘ladi, deb hisoblaydi. Aslida teskarisi. Harakatga rag‘bat bo‘ladi. Sevgi to‘siq emasligini tushunganda esa uchinchi g‘ov paydo bo‘ladi. U omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish hissiyoti. Hayot faqat sinovdan iborat shuni unutmaylik. Har sinovni yengganingda mukofoti beriladi. Ulardan qo‘rqmaslik kerak. To‘rtinchi to‘siq esa juda g‘alati lekin amaliyotda uchraydi. Inson orzusiga yetishganda o‘ylanib qoladi, men bunga mos emasman deydi. Mehnatining samarasidan voz kechadi. Barcha ko‘rgan qiyinchiliklarini unutadi. Men bu bosqichni g‘alabaning kushandasi, deb atagan bo‘lar edim. Xulosa qilib aytsak, asar mazmunga boy. Mutolaa qilishga tavsiya qilaman. Asarni hayot haqiqatlari aks etgan qo‘llanma desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Togʻay Murodning – “Oydinda yurgan odamlar” Yozuvchining 1980-yili chop etilgan “Oydinda yurgan odamlar” qissasi adibninggina emas, o‘zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo‘ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand orzu-ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug‘ilmagan bolaning bobosi, momosi bo‘lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojeasi umid va yorug‘likka to‘la mungli, hazin qo‘shiq qilib kuylanadi. Qoplon mehnatsevar, bir soʻzli odam, tabiatga ixlos qoʻygan, Oymomo degan qizni sevib qolgan. Ikki qalbning tuganmas muhabbatiga farzandsizlik balosi qarshi turadi. Ular umr boʻyi shu dardga davo izlaydilar, baʼzi odamlarning malomatlaridan azob tortadilar, bir qancha vaqt oʻksik va tili qisiq boʻlib yuradilar. Farzandsizlik muammosiga Togʻay Murod oʻz qissasida yangicha talqin berganini alohida aytish kerak. Muallif qissaning dastlabki boblarida Qoplon bilan Oymomoni “akamiz”, “opamiz”, deb hurmat bilan qalamga oladi. Yoshlari ulgʻaygan sari adib endi ularni “bobomiz”, “momomiz”, deb eʼzoz bilan ulugʻlaydi. Qoplon va Oymomo dillaridagi insoniy muhabbatning yuksakligi tufayli kitobxonlar qalbida farzandlarcha mehr uygʻotadilar. Shu bilan ular maʼnaviy jihatdan koʻp farzand koʻrgan muhtaram bobolar va momolar qatoridan oʻrin oladilar. Chingiz Aytmatov – “Asrga tatigulik kun” Chingiz Aytmatovning ilk romani “Asrga tatigulik kun”ni to‘rt oy ichida ya’ni, 1979-yil dekabrida boshlab, 1980-yilning martida yozib tamomlagan. Asarda odamning insoniy qiyofasini belgilaydigan asosiy ko‘rsatkichlar: o‘zlikni anglash, o‘zgani tushinish, tarixiy ildizlarni bilish, undan faxrlanish singari tushunchalar ekanligi ko‘rsatiladi. Unda bu masalalar aniq odamlar taqdiri misolida badiiy ifoda etilgan. Romanda voqealar asosan Sario‘zak cho‘lida, Bo‘ronli temir yo‘l bekatida bo‘lib o‘tadi. Gap butun hayotini bekatda oddiy temiryo‘lchi bo‘lib o‘tkazgan Kazangapning vafotidan so‘ng dafn etish taraddudlari tasviri bilan boshlanib, romanning nihoyasida dafn musibat ustiga musibat bilan tugaydi. Shu orada Kazangap bilan Edigey Bo‘ronning hayoti, ularga chambarchas bog‘liq yoki bog‘liq bo‘lmagan holda Tinch okeani tepasida Sovet-Amerika “Paritet” kosmik kemasining parvozi bilan bog‘liq hodisalar, Ona Bayit qabristoni, Nayman ona va uning baxtsiz farzandi Jo‘loman, maktab muallimi Abutolib Quttiboyev, uning sadoqatli rafiqasi Zarifa va farzandlarining boshiga tushgan falokatlar hikoya qilinadi. Ezgu insoniy tuyg‘ulardan mahrum, odamning ko‘nglini his etmaydigan, bobolar qo‘llagan udumlarni mensimaydigan, kechagi kunidan uzilgan, ammo o‘zini ilg‘or fikrli ziyoli hisoblaydigan Sobitjon Manqurtning zamonaviy va xavfli nusxasi ekanligi ham juda ta’sirli ko‘rsatilgan. Qisqa qilib aytganda, bu roman odamning odamligini ta’minlab turadigan asosiy qadriyatlar haqida dard bilan bitilgan o‘lmas asardir. Artur Konan Doyl – “Sherlok Xolms haqida hikoyalar” Artur Konan Doylning eng mashhur asari “Sherlok Xolms haqida hikoyalar” dir. Adib ilk marotaba Sherlok Xolms obrazini 1887-yilda yozilgan “Skarletdagi ish” romanida yaratgan. U bu obrazni “Xolmsning soʻnggi ishi” hikoyasida oʻldirmoqchi boʻladi. Lekin butun dunyodagi kitobxonlarning noroziligidan keyin izquvarni tiriltirib, yangi hikoyalar yozadi. O‘zining zukkoligi bilan ko‘plab murakkab va sirli jinoiy ishlarni ochgan izquvar Sherlok Xolms haqidagi detektiv janrdagi “Toʻrtlar belgisi” (1890), “Baskervillar iti” (1901-02), “Dahshatlar vodiysi” (1914-15) sarguzasht qissalari va “Sherlok Xolms sarguzashtlari” (1891-92), “Sherlok Xolms haqida xotiralar” (1892-93) hikoyalar toʻplamlari deyarli butun jahon tillariga tarjima qilingan. Londonda Sherlok Xolms yodgorlik muzeyi tashkil etilgan. Yozuvchining “Baskervillar iti” (1971), “Yoʻqolgan dunyo” (1983) va boshqa asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan. Z.M.Bobur – “Boburnoma” “Boburnoma” – adabiy va tarixiy ahamiyatga molik asar. Unda oʻz davridagi koʻplab kishilarning turli vaziyatlardagi kechinmalari, Osiyoning koʻplab togʻlari, daryolari, oʻrmon va choʻllari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Asarda tarixning Bobur yashab oʻtgan davri voqelari ifodalangan. Bu voqealar Andijon, Samarqand, Xoʻjand, Hirotdan boshlab Kobul va Agragacha boʻlgan qamrovga ega. Yaʼni unda Oʻrta Osiyodan boshlab Hindistongacha boʻlgan masofadagi deyarli 50 yillik voqealar haqqoniy ifoda va bahosini topgan. “Boburnoma”dagi voqealar bayoni aniq, ixcham va loʻnda, taʼsirchan, eng muhimi, hayotiy haqiqatga mos va muvofiqligi bilan eʼtiborlidir. Muallif voqealar bayonida tabiat tasviriga, ayrim joylar tavsifiga, alohida kishilarning taʼriflariga jiddiy ahamiyat beradi. Bobur koʻplab hukmdorlar, mamlakat boshliqlari haqidagi tarixiy faktlarni muhrlab qoldirgan. Amir Temur, Umarshayx, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Badiuzzamon, Muzaffar Mirzo singari davlat boshliqlarining siyosiy-ijtimoiy faoliyatlariga baho berilgan. Shuningdek, asarda oʻsimliklar va hayvonot olami haqidagi nodir maʼlumotlar keltirilib, adabiyot va sanʼat ahli, ilm-maʼrifat kishilari bilan birgalikda soʻz ustalari haqida maroqli hikoyalar mavjud. “Boburnoma”da adibning shaxsi, uning tarjimayi holi, xarakteri, qiziqishlari, kishilarga munosabati borasidagi qarashlari tegishli tarzda oʻz aksini topgan. Biz asar sahifalaridan Bobur shaxsiyatidagi rostgoʻylik, mardlik, adolatparvarlik, mehribonlik, qattiqqoʻllik, hassoslikning namoyon boʻlish holatlari bilan tanishamiz. Asarda Boburning ajdodlari, oilasi, avlodlari haqida ham birlamchi materiallar berilgan.

Hayot yo‘lingizni yorituvchi chiroqlar…

Kun davomida hech bo‘lmaganda bir soat mobaynida mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lish inson fikrlash qobiliyatini rivojlantirib, so‘z boyligini oshiradi. Agar kitob oʻquvchiga oz boʻlsa-da, kuch-gʻayrat, shijoat, maʼnaviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda va besamar qolaveradi. Kitoblar insonni hayotga yoʻllagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Biz esa hayot yo‘lingizni yorituvchi chiroq bo‘la oladigan kitoblar ketma-ketligini taqdim etishda davom etamiz.

 

Nabi Jaloliddin  – “Tegirmon” romani

Xalqimizning o‘tyurak shoiri Cho‘lpon haqida roman yozishga o‘zbek adabiyotida ham ko‘p bor urinishlar bo‘lgan. She’rlar, pesalar va dostonlar bitilgan, lekin uning iztirobli hayoti boshdan oxir ochib berilgan tarixiy roman hozirgacha yozilmagan edi.

Nabi Jaloliddin buyuk o‘zbek shoiri va yozuvchisi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqida ikki kitob, 5 qismdan iborat “Tegirmon” nomli romanni yozib tugatdi. Bu roman mustaqillik uchun kurashgan haqgo‘y, jasur, g‘animning ko‘ziga tik boqishdan qo‘rqmagan jasoratli va vatanparvar, shuningdek, hayoti bir umr iztirobda, sarson-sargardonlikda, xo‘rlikda o‘tgan Cho‘lpon haqida. Bundan tashqari, asarda tariximizda va adabiyotimizda katta iz qoldirgan o‘nlab buyuk shaxslar ham o‘rin olgan. Qolaversa, o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi fojealar aniq va ta’sirchan tarzda yoritilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning taklifi va tavsiyasi bilan yozilgan, ikki kitob, besh qismdan iborat bu roman o‘quvchilar e’tiboriga 2015-yilda havola etildi.

 

Paulo Koelo – “Alkimyogar”

“Alkimyogar” romani braziliyalik yozuvchi Paulo Koelo tomonidan yozilgan dunyoga mashhur asarlardan biri hisoblanadi. 60 ga yaqin xorijiy tilga tarjima qilingan asar to‘qima obraz cho‘pon bola Santyago va uning sayohati haqida hikoya qiladi.

Yozuvchi o‘z fikrlarini asar obrazlarining o‘zaro suhbatlari orqali tasvirlab o‘tgan. Misol uchun, Salim podshoh va Santyagoning suhbatini olaylik. Podshohning aytishicha, bu sayyorada bir ulug‘ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Bu sening Yerdagi nasibangdir. Teologik (diniy) nazariyalarga murojaat qiladigan bo‘lsak ham ularda inson doim yaxshi niyat qilishi, tinmay harakat qilishi va Yaratgandan so‘rashi lozimligi, natijada o‘z orzusiga erishishi mumkinligi haqida aytiladi. Yozuvchi bu suhbat orqali doim orzu yo‘lida harakatni davom ettirishni tavsiya qiladi.

Asarning kulminatsion nuqtasi sifatida men quyidagi fikrlar berilgan joy deb bilaman. Ma’nosi shunday. Inson orzusi nega ushalavermaydi? Bunga doim to‘rtta to‘siq xalaqit beradi. Birinchisi, yoshligingizda katta orzu qilganingizda (prezident,  fazogir va hokazo) atrofdagi yaqinlaringiz ushalmaydigan orzu qilma, deb uqtiradi. Bu birinchi xavf. Umidsizlik shundan kelib chiqadi, odatda. Ikkinchisi, juda ko‘pchiligimiz duch keladigan sevgi-muhabbatdir. Ba’zan insonlar sevgi hayotimga to‘siq bo‘ladi, deb hisoblaydi. Aslida teskarisi. Harakatga rag‘bat bo‘ladi. Sevgi to‘siq emasligini tushunganda esa uchinchi g‘ov paydo bo‘ladi. U omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish hissiyoti. Hayot faqat sinovdan iborat shuni unutmaylik. Har sinovni yengganingda mukofoti beriladi. Ulardan qo‘rqmaslik kerak. To‘rtinchi to‘siq esa juda g‘alati lekin amaliyotda uchraydi. Inson orzusiga yetishganda o‘ylanib qoladi, men bunga mos emasman deydi. Mehnatining samarasidan voz kechadi. Barcha ko‘rgan qiyinchiliklarini unutadi. Men bu bosqichni g‘alabaning kushandasi, deb atagan bo‘lar edim.

Xulosa qilib aytsak, asar mazmunga boy. Mutolaa qilishga tavsiya qilaman. Asarni hayot haqiqatlari aks etgan qo‘llanma desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Togʻay Murodning – “Oydinda yurgan odamlar”

Yozuvchining 1980-yili chop etilgan “Oydinda yurgan odamlar” qissasi adibninggina emas, o‘zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo‘ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand orzu-ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab  yashashadi.  Hali tug‘ilmagan bolaning bobosi, momosi bo‘lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojeasi umid va yorug‘likka to‘la mungli, hazin qo‘shiq qilib kuylanadi.

Qoplon mehnatsevar, bir soʻzli odam, tabiatga ixlos qoʻygan, Oymomo degan qizni sevib qolgan. Ikki qalbning tuganmas muhabbatiga farzandsizlik balosi qarshi turadi. Ular umr boʻyi shu dardga davo izlaydilar, baʼzi odamlarning malomatlaridan azob tortadilar, bir qancha vaqt oʻksik va tili qisiq boʻlib yuradilar.

Farzandsizlik muammosiga Togʻay Murod oʻz qissasida yangicha talqin berganini alohida aytish kerak. Muallif qissaning dastlabki boblarida Qoplon bilan Oymomoni “akamiz”, “opamiz”, deb hurmat bilan qalamga oladi. Yoshlari ulgʻaygan sari adib endi ularni “bobomiz”, “momomiz”, deb eʼzoz bilan ulugʻlaydi. Qoplon va Oymomo dillaridagi insoniy muhabbatning yuksakligi tufayli kitobxonlar qalbida farzandlarcha mehr uygʻotadilar. Shu bilan ular maʼnaviy jihatdan koʻp farzand koʻrgan muhtaram bobolar va momolar qatoridan oʻrin oladilar.

 

Chingiz Aytmatov – “Asrga tatigulik kun”

Chingiz Aytmatovning ilk romani “Asrga tatigulik kun”ni to‘rt oy ichida ya’ni, 1979-yil dekabrida boshlab, 1980-yilning martida yozib tamomlagan.

Asarda odamning insoniy qiyofasini belgilaydigan asosiy ko‘rsatkichlar: o‘zlikni anglash, o‘zgani tushinish, tarixiy ildizlarni bilish, undan faxrlanish singari tushunchalar ekanligi ko‘rsatiladi. Unda bu masalalar aniq odamlar taqdiri misolida badiiy ifoda etilgan.   

Romanda voqealar asosan Sario‘zak cho‘lida, Bo‘ronli temir yo‘l bekatida bo‘lib o‘tadi. Gap butun hayotini bekatda oddiy temiryo‘lchi bo‘lib o‘tkazgan Kazangapning vafotidan so‘ng dafn etish taraddudlari tasviri bilan boshlanib, romanning nihoyasida dafn musibat ustiga musibat bilan tugaydi. Shu orada Kazangap bilan Edigey Bo‘ronning hayoti, ularga chambarchas bog‘liq yoki bog‘liq bo‘lmagan holda Tinch okeani tepasida Sovet-Amerika “Paritet” kosmik kemasining parvozi bilan bog‘liq hodisalar, Ona Bayit qabristoni, Nayman ona va uning baxtsiz farzandi Jo‘loman, maktab muallimi Abutolib Quttiboyev, uning sadoqatli rafiqasi Zarifa va farzandlarining boshiga tushgan falokatlar hikoya qilinadi.     

Ezgu insoniy tuyg‘ulardan mahrum, odamning ko‘nglini his etmaydigan, bobolar qo‘llagan udumlarni mensimaydigan, kechagi kunidan uzilgan, ammo o‘zini ilg‘or fikrli ziyoli hisoblaydigan Sobitjon Manqurtning zamonaviy va xavfli nusxasi ekanligi ham juda ta’sirli ko‘rsatilgan. 

Qisqa qilib aytganda, bu roman odamning odamligini ta’minlab turadigan asosiy qadriyatlar haqida dard bilan bitilgan o‘lmas asardir.

 

Artur Konan Doyl – “Sherlok Xolms haqida hikoyalar”

Artur Konan Doylning eng mashhur asari “Sherlok Xolms haqida hikoyalar” dir. Adib ilk marotaba Sherlok Xolms obrazini 1887-yilda yozilgan “Skarletdagi ish” romanida yaratgan. U bu obrazni “Xolmsning soʻnggi ishi” hikoyasida oʻldirmoqchi boʻladi. Lekin butun dunyodagi kitobxonlarning noroziligidan keyin izquvarni tiriltirib, yangi hikoyalar yozadi.

O‘zining zukkoligi bilan ko‘plab murakkab va sirli jinoiy ishlarni ochgan izquvar Sherlok Xolms haqidagi detektiv janrdagi “Toʻrtlar belgisi” (1890), “Baskervillar iti” (1901-02), “Dahshatlar vodiysi” (1914-15) sarguzasht qissalari va “Sherlok Xolms sarguzashtlari” (1891-92), “Sherlok Xolms haqida xotiralar” (1892-93) hikoyalar toʻplamlari deyarli butun jahon tillariga tarjima qilingan. Londonda Sherlok Xolms yodgorlik muzeyi tashkil etilgan.

Yozuvchining “Baskervillar iti” (1971), “Yoʻqolgan dunyo” (1983) va boshqa asarlari oʻzbek tilida nashr qilingan.

 

Z.M.Bobur – “Boburnoma”

“Boburnoma” – adabiy va tarixiy ahamiyatga molik asar. Unda oʻz davridagi koʻplab kishilarning turli vaziyatlardagi kechinmalari, Osiyoning koʻplab togʻlari, daryolari, oʻrmon va choʻllari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar jamlangan.

Asarda tarixning Bobur yashab oʻtgan davri voqelari ifodalangan. Bu voqealar Andijon, Samarqand, Xoʻjand, Hirotdan boshlab Kobul va Agragacha boʻlgan qamrovga ega. Yaʼni unda Oʻrta Osiyodan boshlab Hindistongacha boʻlgan masofadagi deyarli 50 yillik voqealar haqqoniy ifoda va bahosini topgan.

“Boburnoma”dagi voqealar bayoni aniq, ixcham va loʻnda, taʼsirchan, eng muhimi, hayotiy haqiqatga mos va muvofiqligi bilan eʼtiborlidir. Muallif voqealar bayonida tabiat tasviriga, ayrim joylar tavsifiga, alohida kishilarning taʼriflariga jiddiy ahamiyat beradi.

Bobur koʻplab hukmdorlar, mamlakat boshliqlari haqidagi tarixiy faktlarni muhrlab qoldirgan. Amir Temur, Umarshayx, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Badiuzzamon, Muzaffar Mirzo singari davlat boshliqlarining siyosiy-ijtimoiy faoliyatlariga baho berilgan.

Shuningdek, asarda oʻsimliklar va hayvonot olami haqidagi nodir maʼlumotlar keltirilib, adabiyot va sanʼat ahli, ilm-maʼrifat kishilari bilan birgalikda soʻz ustalari haqida maroqli hikoyalar mavjud.

 “Boburnoma”da adibning shaxsi, uning tarjimayi holi, xarakteri, qiziqishlari, kishilarga munosabati borasidagi qarashlari tegishli tarzda oʻz aksini topgan. Biz asar sahifalaridan Bobur shaxsiyatidagi rostgoʻylik, mardlik, adolatparvarlik, mehribonlik, qattiqqoʻllik, hassoslikning namoyon boʻlish holatlari bilan tanishamiz. Asarda Boburning ajdodlari, oilasi, avlodlari haqida ham birlamchi materiallar berilgan.