Eng yaxshi do‘st…

Kitob nurdir. U zimiston qalblarni yorug‘ qiladi. Kitob ilmlar xazinasidir. U bilimimizni yuksaltiradi. Aqlimizni charxlaydi. Kitob ma’naviy ehtiyojlarimizni qondiradi. Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q. Bugun dunyo bo‘yicha nafaqat eng ko‘p mutolaa qilingan, balki o‘z o‘quvchilarining ma’naviy olamini boyitgan, qalbiga ziyo olib kirgan eng sara badiiy asarlarga to‘xtalamiz.

 

Antuan de Sent-Ekzyuperi – “Kichkina shahzoda”

“Kichkina shahzoda” ertagi muallifning eng kichik asarlaridan biri bo‘lsa ham, unda adibning inson hayotining ma’nosi va mazmuni haqidagi dardlari, falsafiy mushohadalari, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, hamdardlik va o‘zaro hurmat munosabatlari, yovuzlik hamda yomonlikka qarshi kurash g‘oyalari aks ettirilgan.

Sent-Ekzyuperi oʻz qahramoniga 5-6 yoshdagi bola ruhiyatiga xos xususiyatlarni ato etgan. Asar davomida bolalik dunyosi kattalar dunyosiga qarama-qarshi qoʻyiladi. Kattalarning hayotni bezab turuvchi romantika va goʻzallikni his qilish kabi tuygʻulardan yiroq ekanligi bolani hayratga soladi. Shahzoda hali kattalar qadami yetmagan soflik sayyorasining sohibidir. Bosh qahramonning “Kichkina shahzoda” deb atalishi ham shundan. U qiziquvchan va ishonuvchan boʻlib, barcha jonli mavjudod uni hayratga soladi.

Muallif bolalarga xos kuzatuvchanlik bilan kattalarga baho beradi: “Kattalar raqamlarni juda yaxshi koʻrishadi. Agar ularga yangi doʻst orttirganingiz xususida aytib qolsangiz, ular hech qachon asosiy narsa haqida soʻramaydilar. Ular: “Uning ovozi qanaqa? Nechta ogʻa-inisi bor? Ogʻirligi qancha ekan? Otasi qancha moyana oladi?” – deb soʻray ketadilar. Soʻng shu tariqa oʻzlaricha odamlarni yaxshi bilib olgan boʻladilar”.

 

Nodar Dumbadze – “Abadiyat qonuni”

1978-yilda yozilgan “Abadiyat qonuni” asarida insonning jamiyatdagi o‘rni, yashashning ma’nosi kabi  hayotiy lavhalar, shaxslar orqali aks ettirilgan. Dumbadze asarlari chuqur lirizm bilan sug‘orilgan, ularda dramatizm yumor bilan uyg‘unlashib ketgan. 

Muallif mazkur asarida bir gʻoyani ilgari suradi: “Hayot tashvishlari shu qadar zalvorliki, yakka holda uni joyidan siljita olmaymiz – birgalashib koʻtara olamiz, xolos”. Shuning uchun ham, bir-birovning taqdiriga befarq boʻlmaslik muhim ekanini uqtiradi va ana shu qismatdoshlikni abadiyat qonuni deb ataydi.

Romanda insonning hayotdagi oʻrni, undan talab etiladigan fidoyilik, halollik, vijdonlilik, adolatparvarlik xususiyatlari toʻgʻrisida keng mushohada yuritilgan. Asarda voqealar shu qadar rivojlanadiki, uni oʻqishni qachon boshlaganingni beixtiyor unutasan. 

 

Oʻtkir Hoshimov – “Ikki eshik orasi”

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani adibning eng salmoqli asarlaridan biri hisoblanadi. Romanda oʻzbek xalqining fazilatlari – jumardligi, har qanday vaziyatda ham imonini yoʻqotmasligi, mehridaryoligi, teran tuygʻular, yorqin boʻyoqlarda tasvirlangan.

Asarda adib qariyb qirq yillik davrni oʻz ichiga olgan bir qancha murakkab taqdirlar misolida oʻzbek xalqining urush davridagi hayoti, umr yo‘lidagi chigalliklarni mahorat bilan qalamga olgan. Unda zamonning tuganmas azob toshlariga uchragan, insoniy qadr-qimmatini yo‘qotmagan insonlar, o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan xalq qismati tasvirlangan. Asarni o‘qigan kitobxon ijodkorning o‘sha davr ruhini unda to‘liq mujassam ettira olganligiga guvoh bo‘ladi.  

 

Said Ahmad – “Ufq”

Said Ahmad “Ufq” trilogiyasini ustida 15 yil mehnat qilgan va ular yozuvchi ijodida alohida o‘rin tutudi — zamonaviy o‘zbek nasridagi yirik hodisa.

Roman asosida chin tarixiy voqealar yotadi - Katta Farg‘ona kanalining qurilishi va Markaziy Farg‘ona kanalining egallanishi. Ushbu tarixiy hodisalar asosida yozuvchi xalqning ma’naviy dunyosini ochib, qadimdan ularga hos mehnatkashlikni, to‘g‘riso‘zlik, jasorat - xalqaro ittifoqdoshlik va jamoaviylikni ko‘rsatib beradi - bular esa inson qalbiga xos oliyjanob va himmat manbalari sanaladi.

Ushbu romanda xalqimiz hayotining kichik; biroq mazmun ­mohiyati jihatdan juda dolzarb davri aks ettirilgan. Chunki xalqimiz urush arafasidagi, Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda mislsiz fidoyilik, qahramonliklar ko'rsatdi. Yozuvchi ushbu romanda xalqimizning urush ortidagi mehnati, mashaqqatli hayotini Ikromjon, Jannat xola, To‘lanboy, Nizomjon, Asrora, Dildor, Zebi, A’zamjon kabi qator qahramonlar taqdiri orqali yorqin tasvirlaydi.

Ustoz adib Abdulla Qahhor yozuvchining ushbu asardagi mahoratini shunday ta’riflaydi: “Bu kitobni kitobxon boshdan-oyoq shavq bilan, hech qayerda turtinmasdan, diqqati susaymasdan, ishtahasi bo‘g‘ilmasdan o‘qib chiqadi. Unda qimirlagan har bir jonning qayg‘usi, quvonchi, qilish-qilmishi, muhabbati, g‘azabi, og‘zidan chiqadigan har bir so‘zi rost...”

 

Pirimqul Qodirov – “Yulduzli tunlar”

O‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub tarixiy romanda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqida soʻz yuritiladi. Yozuvchi mazkur roman ustida oʻn yil (1969-1978) davomida ish olib borgan. 

Asarda shoir va shoh Bobur hayotini tasvirlash muhim o‘rin tutadi. “Yulduzli tunlar” keng qamrovli asardir.

Mahoratli yozuvchi Pirimqul Qodirovning ushbu asari o‘zbek adabiyotining eng sara tarixiy ‎romanlari sirasiga kiradi. Unda Movarounnahrdek ulkan saltanatning parchalanib ketishi, ‎Temuriylar sulolasining inqirozi, hokimiyatga erishish ilinjida taxt talashib, bir-birlariga qilich ‎ko‘targan og‘a-ini, tog‘a-jiyanlarning fojiaviy  qismati aks ettirilgan. Roman voqealari orqali ‎o‘quvchi tarixda Temuriylar o‘rtasidagi nizolar, fitna, fisq-u fasod tufayli yuzaga kelgan qonli ‎urushlar, ayovsiz xunrezliklar oqibatida behad qonxo‘r beklar zulmidan sillasi butkul qurigan  ‎xalqning g‘oyat nochor ahvoli va uyushqoqlikdan bexabar Temuriylarni Shayboniyxon ‎qanchalar oson mahv etgani bilan tanishadi.‎

Asarning bosh qahramoni mirzo Bobur odamlardagi bemehrlik, bir-birini ko‘rolmaslik, ‎xudbinlik, xiyonat singari jirkanch illatlar bilan g‘oyat erta, o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirganida ‎ro‘baro‘ bo‘ldi. Taqdirning ayanchli zarbalaridan zada bo‘lgan shoxning kuygan yuragi - shoir ‎qalbi qalandarlikni ixtiyor etgani ajab emas. Asar mutolaasi davomida butun umr Vatan ishqida ‎yonib, sog‘inch bilan o‘rtanib, “Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim...” deya iztirob chekkan ‎bobokalonimiz dardi kitobxon qalbini larzaga soladi.‎