Ishchi oʻrni yaratish zavqi

Tadbirkorlik nima? Tadbirkor boʻlish uchun avvalo nimalarga eʼtibor qaratish kerak? Bugun yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qanday imkoniyat va imtiyozlar mavjud? Bu haqida javob olmoqchi boʻlsangiz,  hududingizdagi “Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasiga murojaat qiling. Surxondaryolik Mahmud ham tadbirkorlikni jamgʻarmaga murojaat qilishdan boshladi. Ular bilan biznes loyihasi haqida fikr almashdi. Yoʻl-yoʻriq soʻradi va imtiyozli kredit olishga muvaffaq boʻldi. Hozirda Mahmud Panjiyev “Servis torg invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari. Tafsilotlarni uning oʻzi gapirib berdi:

-   Qishloqda yashaganimiz uchun bolalikdan doʻstlarimiz bilan koʻp gʻisht quyardik. Yozda buning gashti ham boshqacha boʻladiyu, lekin loy toʻldirilgan maxsus qolipni dast koʻtarish, keyin yerga tashlash belni yomon ogʻritadi.  Shuning uchun yoshligimdan  gʻisht zavodim boʻlishini orzu qilardim.

Toshkentga ishlagani gʻisht zavodiga borganimdan keyin bolalikdagi orzu yana uygʻona boshladi.  “Nega men bunday zavod qurolmasligim kerak” deb kechasi bilan uxlolmay chiqqanim esimda. Oʻsha kuni zavodning “katta”si nazorat uchun kelganida, ular bilan ancha gaplashganman. Xoʻjayin mendagi tadbirkorlarga havas va tadbirkorlikka  ishtiyoqni sezgan shekilli soʻraganlarimni javobsiz qoldirmagan edi. Katta tadbirkorlar ham bizdek “odam” ekanligiga ishonch hosil qilganimdan keyin oʻzim uchun qaror chiqardim. Tadbirkorlikni boshlash uchun insonning oʻziga ishonchi boʻlishi kerakligi oʻsha kunlarimda oʻz isbotini topgan edi.

Soʻngra Surxondaryoga kelib,  "Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasiga uchradim. Davlat dasturi tomonidan  200 million soʻm imtiyozli kredit olib, “Servis torg invest” MCHJ mini gʻisht zavodini ochdim.  8 nafar ishchi oʻrin yaratdim. Ularning hammasi oʻzim tengqurlar. Bilasizmi, kimnidir ishli qilishning zavqi boshqacha boʻlarkan.

Hozirgi kunda zavodimizda xom gʻisht ishlab chiqarilmoqda. Sababi bizning qishloqda xom gʻishtga talab juda yuqori. Bilasizku, xalqimiz chiroyli, shinam, fayzli uylarni qurib, mazza qilib yashashni xohlaydi.

Kelajakda ushbu zavodni kengaytirib, pishgan gʻisht ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻymoqchiman. 

Yurtimizda baland binolarning bunyod boʻlishida mustaqillik tengdoshi boʻlgan Mahmud Panjiyev zavodidan chiqayotgan gʻisht mahsulotlarining ham oʻrni bor.  Yurt bunyodkorligi yoʻlida oʻz hissasini qoʻshayotgan qahramonimiz kabi bunyodkor tadbirkorlarning safi koʻpayaversin.

Goʻzal Oxunova