Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari...

Mustaqillikgimizning 28 yilligi munosabati bilan har davrning eng sara asarlari bo‘lgan va yillar o‘tsada qadrini yo‘qotmagan 28 asarni sizga havola etishni lozim topdik. Taniqli adiblarning o‘lmas asarlari, hikoya va qissalari taffakkuringizni charxlab, kamolot sari yetaklaydi degan umiddamiz.

Kitobning yomoni bo‘lmaydi. Ammo shunday asarlar, shunday kitoblar bo‘ladiki - uni o‘qigan kitobxon kunlar, oylar hatto yillar davomida shu asar qahramonlari bilan yashaydi. Kitobxon bu asar olamiga shunday sho‘ng‘iydiki - go‘yo o‘zi shu asar qahramoni bo‘ladi, gohida asar qahramonlari bilan yig‘laydi, gohida ular quvonchiga sherik bo‘ladi. 

Shunday asarlardan biri A. S. Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanidir. Pushkin mazkur asarda polifonik tasvir usulining shunday yoʻllarini topganki, ular voqelikni keng qamrab olish, muhim hayotiy muammolarni tasvir doirasiga olib kirish, epik va lirik ibtidolarni uzviylashtirish imkonini berdi. Natijada, romanda Pushkin yashagan davrning muhim masalalari oʻz inʼikosini topdi, oʻsha davrda keng tarqalgan kishilar harakteri tarixiy, ijtimoiy va maishiy sharoit fonida zoʻr mahorat bilan tasvir etildi. Unda birorta ham tarixiy shaxs aks ettirilmagan. Pushkin ushbu asarida rus tabiati, rus jamiyatining dunyosi haqida shu qadar keng va ko‘p izoh bera olganki, adabiy tanqidchi Belinskiy fikriga tayanib, bir so‘z bilan asarni ruslar hayoti esiklopediyasi deb atash mumkin.

O‘zbek adabiyotining durdonalaridan biri hisoblangan Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani mavzusi XIX asr hodisalari – “xon zamonlari” davridagi o‘zboshimchaliklarni ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa-da, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli. Asarni “Mehrobdan chayon” deb atash, ziyoli ulamolarni qahramon qilib tanlashdan murod muqaddas dargoh – sajdagohdan chiqqan, o‘sha dargohga nomunosib munofiq, qallob, tuban kimsalarga, hasadgo‘y, e’tiqodsiz kishilarga ishoradir. Romanda Anvar bilan Ra’noning sevgi sarguzashti, qalb nazokati shoirona tarannum etilgan. Maktabdor Solih maxdumning yumoristik obrazi adabiyotshunoslikda yozuvchining jiddiy yutug‘i, kashfiyoti sifatida e’tirof qilingan. Unda davr zug‘umi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari ko‘rinsa-da, amalda realizm mavqeida turgan, tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan.

Navbatdagi Arvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayaning “Bir yuz bir” romani yigirma yil muqaddam Gollandiyadagi sovet harbiy qabristonida ko‘milgan 101 nafar o‘zbek asirlar haqida. Ma’lum bo‘lishicha, 101 askar Germaniyaning Sobiq Ittifoq hududiga bostirib kirganining birinchi haftasida Smolensk yaqinida asirga olinadi va ular tashviqot maqsadida natsistlar tomonidan bosib olingan Gollandiyaga yuboriladi. Fashistlar och osiyoliklar yemak uchun bir-biri bilan qanday urishib-talashishini kinokameraga tasvirga olishni istashadi. Biroq o‘tkir tikanli panjara ortidan uloqtirilgan nonni asirlar o‘zaro teng bo‘lib yeyishgani ularning hafsalasini pir qiladi.

“Bir yuz bir” romani Gollandiyadagi Amersfort konsentratsion lageridagi mashaqqatlarga mardonavor bardosh bergan o‘sha 101 nafar o‘zbek harbiylarining fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi. 

Tarix voqealari haqida so‘zlovchi Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi barkamol avlod tarbiyasida munosib o‘rin egallaydi. O‘quvchilarimiz kuchli insoniy harakterlar bilan, kishi qalbini larzaga keltiuvchi hayotiy ziddiyatlar bilan tanishadilar.

O‘zbek xalqi tarixining yorug‘ yulduzi, buyuk munajjim, ma’rifaparvar olim Muhammad Tarag‘ay ibn Shohrux – Ulug‘bekka bag‘ishlangan bu drama 1964-yilda yaratilgan. Unda adibning sahna asari yaratish bobidagi mahorati tufayli Ulug‘bek yashagan davr kishilar hayoti aniq, jonli, jozibador, eng muhimi, ishonarli chiqqan. Bu asardagi har bir so‘zga, manzaraga, sahna jihozlariga ishonasiz, uni qalban his etasiz, go‘yo o‘zingizni shu voqealar ichida yurgandek sezasiz. Shu ma’noda “Mirzo Ulug‘bek” dramasini Vatanimiz tarixini eng hasratli davridan hikoya qiluvchi mukammal sahna asari sifatida har qancha o‘qib-o‘rgansak arziydi.

Qadrli kitobxonlar navbatdagi maqolalar orqali o‘zbek va jahon adabiyotidagi durdona asarlar bilan tanishtirishda davom etamiz…