Abdulatif Adhamov: “Sotsiologiya kuzatish va taqqoslashni mujassamlashtirgan. U global muammolarni tadqiq etadi...”

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Yoshlar media markazi” NNT chet elda tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar qilayotgan hamyurtlarimiz bilan yaqindan muloqot olib borish maqsadida “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Loyihamizning navbatdagi qahramoni Turkiya Respublikasidagi Uludagʻ universitetining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Abdullatif Adhamov boʻldi.

— Abdulatif keling siz bilan yaqindan tanishib olsak?

— 1997-yil Qoʻqon shahrida tugʻilganman. Turkiyaga kelganimga deyarli ikki yil boʻldi. Bir yil avval Izmir shahridagi Ege universitetida xorijlik talabalarga moʻljallangan “TOMER” turk tili kursini oʻqidim. Keyin universitet sinovlarini topshirib Bursadagi Uludagʻ universitetiga qabul qilindim. Hozirda sotsiologiya yoʻnalishida tahsil olyapman.

— Nima uchun bakalavr bosqichini Turkiyada va aynan sotsiologiya yoʻnalishida o‘qishni istadingiz?

— Kuzatishni va kuzatishlarim jarayonida esa taqqoslashni yoqtiraman. Sotsiologiya esa aynan mana shu jihatlarni oʻzida mujassamlashtirgan. Masalan, qayerda tortishayotgan odamlarni koʻrmang, hammasi oʻzi uchun haq. Oʻrtada adolat oʻrnatib bera olmaysiz. Boisi, ikkisini tinglasangiz ham taraflar haqdek koʻrinaveradi. Bir amallab aybdorni topib bersangiz, toʻrtinchi odam sizning adolatsizlik qilayotganingizdan nolib qoladi... Shunday vaqtda oraga sotsiologiya kiradi. Toʻgʻri sotsiologiya mukammal fan emas. Lekin mavjud muammolarga maʼlum maʼnoda yechim bera oladi. Shuning uchun ham bu fanni yoqtirib qolganman.

Afsuski, Oʻzbekistonda sotsiologiya yoʻnalishiga oʻz vaqtida jiddiy eʼtibor qilinmadi. Shu sabab ham Turkiyaga keldim va Bursada tahsil olyapman. 

Joriy yildan boshlab yurtimizda ham ushbu yoʻnalishga eʼtibor kuchaya boshladi. Prezidentimizning 2019-yil 22-fevraldagi “Sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinganidan bagʻoyatda quvondim. Oʻylaymanki, yurtimizda ham mazkur yoʻnalish taraqqiy etadi.

— Sotsiologiyaning dunyodagi ahamiyati, shuningdek Oʻzbekiston uchun ushbu yoʻnalish qay darajada muhim deb oʻylaysiz?

— Sotsiologiya jinoyatchilik, huquq, taʼlim, shahar hayoti, iqtisod kabi koʻplab milliy va mahalliy masalalar bilan birgalikda, dunyodagi aholi sonining keskin koʻpayishi, migratsiya, urush yoki tinchlik va ocharchiliklardek global masalalarni oʻrganadi va tadqiqot olib boradi. Rivojlangan yoki rivojlanmoqchi boʻlgan mamlakatlar bu fanga jiddiy eʼtibor berib kelgan. Bugungi kunda Gʻarb mamlakatlari jamiyatning fikrini va xohish istagini muntazam bilib borish uchun sotsiologik institutlarga katta mablag‘ sarflamoqda.

Sotsiologiya sohasida oʻqigan mutaxassislar tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatlarda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surishda ham katta xizmat qilishlari mumkin. Shu bilan birgalikda malakali sotsiologlar ichki muammolarni va yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni oldindan taxmin qilishlari va buni oʻz vaqtida bartaraf etishga yordam bera oladi.

— Turkiyalik yoshlar, xususan ularning ijobiy va salbiy jihatlari haqida nimalar deya olasiz?

— Turkiyaga kelib eʼtiborimni tortgan jihat, ota-onalarning farzand tarbiyasida kuch ishlatishdan tiyilishi boʻldi. Tergash, biror narsani taʼqiqlash mavjud albatta. Ammo har qanday vaziyatda ham farzandiga qoʻl koʻtarishda bosiqlikka intilishadi. Chunki bolaga qarshi kuch ishlatish uning ruhiyati va psixologiyasini sindirishini yaxshi anglashadi. Kattalar bolalarga yoshligidan quloq solishadi va fikrlari bilan qiziqishadi. Bu esa yoshlarni oʻz fikrini erkin aytishlari, tezroq ulgʻayib jamiyatning bir boʻlagi boʻlishlariga yordam bermoqda, deb oʻylayman.
Yana bir oʻziga xos jihat, aksariyat turk yoshlari kelajakda xorij mamlakatlariga ketishni xohlamaydi. Balki, oʻzlarining mamlakatida yashashni afzal koʻrishadi.

Ammo bu yerda yoshlar erta va meʼyordan ortiq tamaki mahsulotlarini isteʼmol qiladi. Qolaversa yoshi kattalarga jamoat transportida kamdan kam hollardagina joy beradilar.

— Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini kuzatib borasizmi?

— Kuzatib borishga harakat qilaman. Oʻylashimcha, tashkilot amaldagi resurslari va imkoniyati bilan hozirgidan koʻproq ishlarni amalga oshirishi mumkin. 

Misol uchun AQSH byudjetining katta qismi birgina Kaliforniya shtatiga tegishli. Shtatning asosiy daromadi axborot texnologiya kompaniyalari ulushiga toʻgʻri keladi. Dunyoda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi ham axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishi, bu sohadagi infratuzilmalarni yaxshilashi va yosh mutaxassislarni tayyorlash ishlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiq boʻlar edi.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

— Germaniya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri. Aynan magistraturani Germaniyada oʻqish maqsadida hozirdan nemis tilini oʻrganmoqdaman. Albatta kelgusida xorijda orttirgan tajribalarimni mamlakatimizga qaytib yurtimiz rivojiga sarflayman.

Nurillo Toʻxtasinov
suhbatlashdi