Yosh oila bog‘lagan rishta uzilmadi

Jamiyat mustahkam bo‘lib rivojlanishida va taraqqiy etishida oilaning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Oilada sog‘lom muhit va to‘g‘ri tarbiya hukm surgan, oila ustunlari bo‘lmish ota-ona bir-biriga mehrli va sadoqatli bo‘lgan oila qo‘rg‘oni butun, baxti to‘kis bo‘ladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining yosh oilalar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Oydina Egamqulova, tumandagi Oila markazi rahbari Shahriniso Jumaboyeva, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddisi Nargiza Baratova, “Baxtli” MFY imom xatibi Safar Kubayevlar bilan hamkorlikda yosh oila ajrimi oldi olindi.

Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan joylarda olib borilayotgan “Mustahkam va sog‘lom oila barpo etamiz” loyihasi doirasida Jizzax viloyatining eng chekka tumanlaridan biri Arnasoy tumanining olis “Baxtli” MFYda yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan B.Z hamda 1990-yilda tug‘ilgan M.S oilaviy kelishmovchiliklar sabab 10 oydan buyon birga yashamayotganliklari tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganildi.

Dastlab, B.Z ning qizlik uyiga tashrif buyurilib ish joyidan chaqirtirildi va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha kerakli tavsiyalar va tushuntirishlar berildi. Kunning ikkinchi yarmida Yoshlar ittifoqi va imom xatibi M.S. bilan ham bu borada suhbat o‘tkazdi.

Ikki tomonning ota-onalari bilan oilaviy munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risida muloqot qilindi. Yoshlarga oila muqaddas ekanligi, uni asrab-avaylashda ikki tomon ham birdek mas’ul ekanligi yana bir bor uqtirildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari orqali B.Z ning turmush o‘rtog‘I M.S bilan nikoh rishtalari qayta bog‘landi.

—Jahl chiqqanda, aql ketar ekan. Qilgan ishimdan pushaymonman. Oilaviy rishtalar tiklanganidan xursandman. Oila muqaddasligini yana bir bor eslatib qo‘ygan mutassaddi tashkilotlarga rahmat aytaman, deydi – M.S.