Eng ko‘p sotilgan kitoblar o‘ntaligi

Eng ko‘p nusxada sotilgan kitoblar orasida yaqqol yetakchi Mao Tszedunning siyosiy va mafkuraviy sitatalar to‘plami hisoblanadi. Majburiy tarzda o‘qitilish joriy qilingan bu to‘plam turli yillar davomida 900 mln nusxadan ko‘proq chop etilgan.

Ammo, biz mazkur maqolada bozor talabiga ko‘ra chop etilgan va erkin tarzda xarid qilingan kitoblar haqida ma'lumotlar taqdim etamiz. 

  1. Charlz Dikkens. “Ikki shahar haqida qissa” (1859) — 200 mln nusxa.

“Ikki shahar haqida qissa” romanida Charlz Dikkens o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy muammolarini ustalik bilan yoritadi. Muallif ingliz jamiyatidagi nohaqliklarni, sinfiy ziddiyatlarni, fransuz inqilobining oqibatlarini qalamga olar ekan, adabiyot tarixida ilk bor inqilobchilarning shu kungacha davlatni boshqargan zodagonlarga nisbatan shafqatsiz bo‘lishini tasvirlaydi. Shu bois g‘arbda katta shuhrat qozonganiga qaramay, taxminan 200 mln nusxada chop etilgan bu asar ko‘pchilik davlatlarda o‘quvchilar qo‘liga yetib bormagan.

  1. Jon Ronald Ruel Tolkiyen. “Uzuklar hukmdori” (1954) — 150 mln nusxa.

Ko‘pchiligimiz bu asar asosida ishlangan filmlarni tomosha qilganmiz. Muallif bu kitobi ustida 1937-yildan 1949-yilgacha ishlaydi. Ammo shunda ham kitob darhol chop etila qolmaydi. Noshirlar talabiga ko‘ra asar uchga bo‘linadi va trilogiyaga aylantiriladi. Bu iqtisodiy jihatdan juda omadli bo‘ladi va noshirlarga katta foyda, yozuvchiga esa ulkan shuhrat keltiradi.

  1. Antuan de Sent-Ekzyuperi. “Kichkina shahzoda” (1943) — 140 mln nusxa.

Asli uchuvchi bo‘lgan Antuan de Sent-Ekzyuperi bor yo‘g‘i 44 yil umr kechirgan bo‘lsada, tarixga o‘z nomini zarhal harflar bilan bitib keta oldi. U boshqa bir necha asarlar ham yozgan, ammo umri poyoniga yetishiga bir yil qolganida chop etilgan “Kichkina shahzoda” yozuvchiga olamshumul shuhrat keltirdi. Nafaqat bolalar, balki kattalar tomonidan ham sevib mutolaa qilinuvchi bu asar dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan.

  1. Jon Ronald Ruel Tolkiyen. “Xobbit” (1937) — 130 mln nusxa.

Aslida bu asar “Uzuklar hukmdori”ning bir bo‘lagi sifatida yozilishi kerak edi. Ammo uzoqni ko‘ra bilgan va katta foydani ko‘zlagan noshirlar muallifni alohida kitob qilishga ko‘ndirishadi va adashishmaydi. Chunki “Uzuklar hukmdori”chalik bo‘lmasada, juda katta nusxada sotiladi. Bu asar asosida ham ajoyib filmlar ishlangan.

  1. Margaret Mitchell “Shamollarda qolgan hislarim” (1936) — 130 mln nusxa.

Sobiq muxbir Margaret Mitchell o‘zining mashhur va yagona asarini kasbidan voz kechib, uy bekasiga aylangan paytida yozgan. Asar shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, Margaret umrining qolgan 12 yilini faqat shu kitob bilan bog‘liq ishlarga – kinotalqin, teatrlashtirish va boshqa tillarga tarjima qilish kabi ishlarga sarfladi. Eng qizig‘i, katta mablag‘lar taklif qilishganiga qaramay u boshqa asar yozmadi.

  1. Joan Rouling “Garri Potter va hikmatlar toshi” (1997) — 107 mln nusxa.

Joan Roulingning bu asari insoniyat, ayniqsa bolalar virtual olamga qiziqa boshlagan bir paytda dunyo yuzini ko‘rdi va yana ko‘pchilikni kitoblarga qaytara oldi. “Garri Potter”ni juda ko‘pch nashriyotlar chop etishni istamagan. Ammo baribir omad Roulingga kulib boqdi va aynan “Garri Potter” uni birinchi yozuvchi-milliarderga aylantirdi. Keyinchalik Potterning keyingi sarguzashtlari haqida ham asarlar e'lon qilindi va filmlar ishlandi.

  1. Agata Kristi, “10 ta negr bolasi” (1939) — 100 mln nusxa.

Irqiy ziddiyatlarning oldini olish uchun bu kitob dunyoning ko‘plab davlatlarida “Barcha nobud bo‘ldi” degan nom ostida ham chop etilgan. Detektiv janrining shoh asari darajasiga ko‘tarilgan bu asarga asosan ko‘plab filmlar ishlangan.

  1. Sao Syuetsin “Qizil ko‘shkdagi uyqu” (boshlanishi 1791 y.) — t. 100 mln nusxa.

Bu nafaqat kitob, balki katta davrni qamrab olgan to‘plamdir. Dastlabki qismlari Sao Syuetsin tomonidan yozilgan va eng kamtar hisob-kitoblarga ko‘ra ham 100 mln nusxada chop etilgan. Bu asar Xitoyning eng buyuk to‘rt romanidan biri hisoblanadi. Shuningdek “Qizil ko‘shkdagi uyqu” o‘ta murakkabligi bilan ham nom qozongan – unda 40 nafardan ortiq bosh qahramon, 500 dan ortiq ikkinchi darajali qahramonlar bo‘lib, ularning har biri asar kompozitsiyasida o‘ziga xos o‘rin tutadi.

  1. Den Braun “Da Vinchi siri” (2003) — 85 mln nusxa.

Tarixning sir-asrorlarini ochishga uringan bu kitobning o‘zi ham, u asosda ishlangan film ham ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Keyinchalik muallif “Farishtalar va iblislar” asarini ham yozadi.

  1. Napoleon Xill, “O‘yla va boy bo‘l” (1937) — 75 mln nusxa.

Bu kitob muallifning 20 yillik mehnatining samarasidir. Jurnalist Xill 1917-yilda yetakchi ishbilarmonlarning omad formulalarini yoritish bo‘yicha buyurtma oladi hamda uzoq yillar davomida 500 dan ortiq badavlat kishilar bilan suhbatlashadi. Shundan so‘ng, ularning eng ilg‘or fikrlarini jamlab, o‘z xulosalariga ko‘ra “O‘yla va boy bo‘l” asarini yozadi va bu kitob darhol muvaffaqiyat qozonadi. Keyinchalik muallif “Omad qonunlari”, “Boylik kaliti” kabi asarlarini ham taqdim etadi.