Bugun qanday kunligini bilasizmi?

Aka va singil – bir-birlarini hammadan ortiq biladigan, chin dildan mehr ko’rsatadigan eng yaqin insonlardir. Eng baxtli va eng og’ir kunlarida ham beminnat yordam qo’lini cho’zadigan qondoshlar. Bugungi kun aynan shu insonlarga bag’ishlangan.

Dunyoda umuman urishmagan, bir-birining narsalarini so’roqsiz olib qochmagan opa-singil yoki aka-ukalar bo’lmasa kerak. Shu kabi voqealar bilan bolalik unutilmas va o’ziga xosdir. Bu kunda esa, o’z hayot tashvishlari bilan ovora bo’lib, uchrashish yoki qo’ng’iroq qilishga vaqt topa olmayotgan qondoshlar oz bo’lsada bir-birlariga vaqt ajratib shirin xotiralarni yodga oladilar va bir-birlari uchun qanchalik muhim ekanliklarini bildiradilar.

10-aprel "Xalqaro aka-singillar kuni" yoki "Milliy aka-singillar kuni" sifatida 1998-yildan Amerikaning barcha shtatlarida rasman qabul qilina boshlangan. Ular qatorida birin-ketin Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Filippin, Nigeriya, Kanada va boshqa davlatlar ham bu kunni o'z bayramlari qatoriga qo'shib qo'ydi.

O'ziga xos rishtaga ega qondoshlar kuni Klaudia Evart tomonidan kiritilgan. U o’z aka va opasidan erta ayrilganligi sababli bu kunni tashkil etgan. Evart “Aka-singillar fondi” asoschisi hamdir. Bu kunda tug’ishgan opa-ukalar bir-birlariga tabrik qog’ozi jo’natishi, kechki ovqatni birgalikda tashkil qilishi yoki shunchaki biror parkka borib nishonlashlari mumkin. Shuningdek, Klaudianing opasi Lizette ham 10-aprelda tug’ilganligi sababli, bugun u uchun muhimdir.

 Dildora HAMRAYEVA tayyorladi