2019-yilning birinchi choragida qancha yosh oilaga koʻmak berildi

Bugungi kunda mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yosh oilalar soni 2 milliondan ortiq. Butun dunyoda sodir boʻlayotgan oilaviy munosabatlardagi inqiroz davrida jamiyatimizda oilalar mutahkamligini asrash, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy ogʻir holatdagi yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, yosh oilalar oʻrtasidagi ajrimlarning oldini olish muhim omil hisoblanadi. Turli jamoat tashkilotlari qatori Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida ham yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni ongli ravishda oilaga tayyorlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

2019 yilning birinchi choragi davomida Respublika boʻyicha yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalar oʻrtasida ajrimlarning oldini olish, yoshlar oʻrtasida erta tugʻruq va erta turmushning oldini olish maqsadida 66,3 mingdan ortiq yoshlar ishtirokida 550 dan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari davomida malakali psixologlar ishtirokida “Psixologik qabulxona”lar tashkil etildi. Unda 4 ming 351 nafar yoshlar qabul qilinib, ularda aniqlangan 2 ming 837 ta muammolardan 2 ming 473 tasi (87,1%) hal etilib, psixologik tavsiyalar berildi. Ijtimoiy-iqtisodiy ogʻir holatdagi 2 ming 377 ta yosh oilalarga psixologik koʻmak, 1 ming 519 ta yosh oilalarga huquqiy koʻmak berildi.

—Notinch va muammoli, ayniqsa ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yosh oilalar bilan oʻtkazilgan individual suhbatlar, targʻibot tadbirlari, ijtimoiy-iqtisodiy ogʻir holatdagi yosh oilalarga koʻrsatilgan psixologik va huquqiy koʻmak natijasida 2019 yilning birinchi choragida 687 ta ajrim yoqasidagi yosh oilalar yarashtirildi deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Gulchehra Ashurova. —Qolaversa, jtimoiy-iqtisodiy ogʻir holatdagi 844 ta yosh oilalarga ham moddiy koʻmak koʻrsatildi.