Turli mamlakatlardagi tug'ilgan kun odatlari qanday?

 Tug'ilgan kun – eng muhim, shaxsiy va chinakamiga ajoyib bayram hisoblanadi, chunki biz bolalikdanoq shu bayramga o'rganib qolganmiz. Bizning madaniyatimizda tug'ilgan kunlar oila va do'stlar bilan nishonlash odat tusiga kirgan. Boshqa mamlakatlardagi tug'ilgan kunlarni nishonlash an’analari va yo'llari esa bizni hayratda qoldirishi va hatto juda g'alati tuyulishi mumkin.

Vetnam

Ushbu Osiyo mamlakatida alohida bayramlarni nishonlash odat tusiga kirmaydi. Vetnamliklar tug'ilgan kunni hatto eslamaydilar. Barcha xalqning tug'ilgan kuni Tet bayrami – Yangi yil bayrami bilan nishonlanadi. Shu kuni Vetnam xalqi o'z yoshiga bir yil qo'shib qo'yadi.

Germaniya

30 yoshga to'lmagan  va uylanmagan erkaklar uchun nemislar butun bir sinov tayyorlab qo'yishadi: ular dam olish kunlarida o'zi yashayotgan shaharning asosiy ko'chalarini supurib chiqishadi. An’anaga ko'ra, tug'ilgan kuni bo'layotgan insonning do'stlari ko'proq ishlasin deb hatto ko'chaga chiqindilar uloqtirishadi. Mazkur kunning asosiy qahramonining ishi tugamaydi. Qachonki, yonidan o'tayotgan qiz uni o'psa, ana  shunda u ko'cha supurishni to'xtatishi mumkin ekan.

Irlandiya

Irlandiyada tug'ilgan kuni bo'layotgan bolani yaxshilab silkitishadi. Bolaning ota-onasi uni oyog'idan ko'tarib, boshini yerga qaratgan holda, silkitishadi. Bola necha yoshga to'lgan bo'lsa, shuncha bu hol takrorlanadi. Shu tariqa, ular bu narsa bolaga baxt olib keladi deb ishonishadi.

Meksika

Meksikaliklarning tug'ilgan kuni yorqin ranglarsiz va shirinlik qog'ozlardan qilingan multfilim qahramonlarisiz o'tmaydi. An'anaga ko'ra, tug'ilgan kunini nishonlayotgan bolaning ko'zlari yopiladi, mehmonlar yordamida uni topishi va maxsus tayoq bilan uni urib, sindirishi kerak. So'ngra, uning ichidan tushgan shirinliklar, mukofot tarzida beriladi.

Kanada

Irim-sirimchi kanadaliklar, bolaning tug'ilgan kunida uning burniga yog' surtadilar. Odatda, bola uxlayotgan paytda, uning burniga yog' surtib qo'yishadi. Natijada, bolaning burni yog' ta’sirida silliq bo'lib qoladi ya'ni yillar davomida har qanday qiyinchiliklarga qarshi tura oladi degan ma'noni bildiradi.

Avstraliya

Avstraliyalik bolalarning tug'ilgan kunida stolda albatta ularning sevimli milliy taomi, elf noni bo'ladi. Nonning sirli nomga ega bo'lishiga qaramasdan, uni tayyorlash juda oddiy: uchburchak nonning uchlari saryog' bilan bo'yalgan va ustiga rangli shirinliklar purkalgan.

Yamayka

Yamaykaliklarning tug'ilgan kuniga havas qilolmaysiz. Bu kun qahramoni boshidan to oyoqqacha un bilan qoplanadi. Nam muhitda ushbu odat juda qiyindir. Biroq, bolaning tug'ilgan kuni bo'lsa, bu odatga qo'shimcha tarzda pul va shirinliklarni ham mukofot tarzdida berishadi.

Daniya

Daniya aholisi o'zlarining tug'ilgan kunlarida vatanparvarlik hislarini namoyon qilishadi va o'zlarini Daniya qirolligiga tegishli ekanligini ko'rsatishadi. Daniya bayrog'i – bayramlarning bir bo'lagidir. Bolaning tug'ilgan kunida, bayram torti mini-bayroqchalar bilan bezatiladi.

Braziliya

Braziliyada tug'ilgan kunning qahramonini tabriklash uchun uning qulog'idan tortish kerak. Bu tortish, necha yoshga kirganiga teng bo'ladi. Bayram qahramonining qulog'ini tortishganda, unga katta bo'lishini tilashadi. Ikkinchi an’ana tug'ilgan kun torti bilan bog'liq bo’lib, tortning birinchi bo'lagi tug'ilgan kuni bo'layotgan insonga emas, eng yaqin insoniga, odatda o'z ota-onasidan biriga beriladi.

Xitoy

Xitoy an’anaga ko'ra tug'ilgan kuni bo'layotgan insonga uzoq umr ko'rishni tilashadi. Tug'ilgan kuni bo'layotgan insonga tort o'rniga, an’ananing ramzi bo'lgan juda uzun ugra (lapsha) taqdim etiladi. Uni tishlash yoki tayyoqchalar bilan yirtish mumkin emas. Yeyilgan ugra qanchalik uzun bo'lsa, shunchalik uzoq umr tilagi haqiqat bo'ladi.

Ispaniya

Ispaniyaliklar, braziliyaliklar singari, tug'ilgan kungi odam bilan hazil qilishlari mumkin. Tabriklar sifatida ular peshonasiga chertishadi. Bir yillik hayot uchun, odatdagidek bittadan, yana bir – omad uchun shuni qilishadi.

Argentina

Argentinada, qizlar uchun 15 yoshga to'lgan kunga alohida e'tibor qaratiladi. Shu yoshda u o'smirlikdan katta yoshga o'tishini bildiradi. Qiz bayramona oq libos kiyadi. Bayram kuni uning otasi qizni tantanali zalga taklif etadi, u yerda yaqin bo'lgan yigitlar navbat bilan raqsga taklif qilishadi. Barchasi bo'lib, 15 marta raqsga tushiladi.

 

Dildora HAMRAYEVA tayyorladi