Farg‘onalik  Ziyodulla Tillaxodjayev “Harbiy qismlardagi eng namunali boshlangʻich tashkiloti” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi boʻldi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Harbiy qismlardagi eng namunali boshlangʻich tashkiloti” tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 nafar ishtirokchilar oʻzaro bahs olib bordi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan tanlovning dastlabki (hududiy) bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida dekabr oyida boʻlib oʻtgan. Ushbu bosqichda Ittifoqning hududiy Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh boshlangʻich tashkilotlarga borgan holda, ularning faoliyatini oʻrganib, baholash mezonlari asosida saralandi.

Baholash natijalariga koʻra eng yaxshi deb topilgan bitta boshlangʻich tashkilot tanlovning keyingi respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich respublika bosqichi hisoblanib, bu bosqich hududiy bosqichda gʻolib boʻlib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan boshlangʻich tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralarning vakillaridan tuzilgan ishchi guruh (hakamlar hayʼati) tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini baholab, mutlaq gʻoliblarni aniqlab berdi.

—Baholash mezonlariga asosida boshlangʻich tashkilot yetakchisining 2018-yil davomida amalga oshirgan ishlari 20 ballgacha,ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va maʼnaviy savodxonligi 30 ballgacha, notiqlik sanʼati va yoshlarni oʻz ortidan ergashtira olish qobiliyati 30 ballgacha va yetakchining tashabbuskorligi yaʼni yangi amalga oshiradigan loyihasining taqdimoti 20 ballgacha jami 100 ballik mezonda baholanadi, – deydi yetakchilar Kengashi raisi Sardorbek Abdusamadov.

Tanlovda 1-oʻrinni Fargʻona viloyatidagi harbiy qismning boshlangʻich tashkilot yetakchisi Ziyodilla Tillaxodjayev, 2-oʻrinni Toshkent viloyatidagi harbiy qismning boshlangʻich tashkilot yetakchisi Anvar Qutlimurodov, 3-oʻrinni Xorazm viloyatidagi harbiy qismning boshlangʻich tashkilot yetakchisi Joʻra Raxmatov va Buxoro viloyatidagi harbiy qismning boshlangʻich tashkilot yetakchisi Axad Makamovlar egalladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Harbiy qismlardagi eng yaxshi boshlangʻich tashkiloti” tanlovining Respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari nomzodi “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni va boshqa davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.

—Bugun harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari oʻzaro bellashmoqda. Hakamlar hayʼati faoliyatimiz davomida taʼlim muassasalarida tashkil etgan tadbirlarimiz bilan alohida tanishib chiqmoqda. Jumladan, mahallalarda tashkil etgan musobaqalarimiz, umumtaʼlim maktablarida mardlik va jasorat darslarimiz, harbiylar va yoshlar oʻrtasidagi uchrashuvlar xolis baholanmoqda. Shuningdek, bugun har bir qatnashchi oʻz loyihasini taqdim etib, oʻzida mujassamlashtirgan notiqlik sanʼati va yoshlarni oʻz ortidan ergashtira olish qobiliyati hamda tashabbuskorligini namoyon etadi, – deydi 1-oʻrin sohibi Fargʻona viloyatidagi harbiy qism boshlangʻich tashkilot yetakchisi Ziyodulla Tillaxodjayev. – Men ham bu tanlovda “Harbiy oromgoh” nomli loyihamni taqdim etdim. Oromgoh harbiy qismlardagi bazalarda tashkil etilib, u tarbiyasi ogʻir, profilaktik hisobda turuvchi yoshlar, harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan iborat 100 nafar qatnashchilarga moʻljallangan. 12 kunlik oromgohda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, psixologlar bilan yakka tartibdagi suhbatlar va turli sport musobaqalari tashkil etiladi.

Shaxnoza Nurullayeva