Navoiyda harbiy kitobxonlik

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Harbiy kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.

Ushbu tanlovda 30 yoshgacha boʻlgan harbiy qismlarda mardonavor xizmat qilayotgan vatanparvar yoshlar ishtirok etdi. Unda ishtirokchilar “Oʻzbek adabiyoti bilimdoni” hamda “Asarlardan parchalar” shartlari asosida “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi tarixiy asarlar yuzasidan oʻz bilimlarini sinab koʻrdilar.

– Bugungi tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad — diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, adiblar hamda mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, targʻib etish, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishdan iboratdir, – deydi viloyat Kengashi raisi oʻrinbosari Dilshod Qodirov.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlgan “Harbiy kitobxon” tanlovi viloyat bosqichida faxrli 1-oʻrinni viloyat Bojxona boshqarmasi xodimi Boburbek Jumayev qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Rashid Toshnazarovga, 7532-harbiy qism oddiy askari Azizbek Abdukarimovga esa 3-oʻrin nasib etdi.

Shuningdek, gʻoliblar viloyat Kengashining diplom hamda kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.