Qarshida birinchi forum

Qarshi shahridagi “Yoshlar markazi“da Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalardagi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilarining birinchi forumi boʻlib oʻtdi.

Unda boshlangʻich tashkilot yetakchilarining yillik hisobotlari tinglandi, mashgʻulot tarzida bilimlari oshirildi hamda kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirishga oid bir qator istiqbolli takliflari ham qabul qilindi.

– Forumda oʻz takliflarim bilan ishtirok etdim, – deydi harbiy qism kapitani Suratbek Maqsudov. – Ayniqsa, harbiylarning dala oʻquv mashgʻulotlariga yoshlar sayohatini koʻproq tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifim barchaga maʼqul keldi.

Shuningdek, 2018-yil davomida harbiy qism va muassasalardagi boshlangʻich tashkilot samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshgan boshlangʻich tashkilot yetakchilari va hamkorlar bir qator nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.

Forum davomida harbiylar va yoshlar uchun konsert dasturi hamda koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shu kuni ishtirokchilar uchun Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi”ga sayohat ham tashkil etildi.